Yurtimiz taraqqiyoti, aholi farovonligi, dasturxonlarimizning barokati – bularning barchasida qishloq xo‘jaligi xodimlarining hissasi beqiyos. Zahmatkash dehqonu fermerlarning mehnati tufayli bozorlarimiz sermahsul, dasturxonlarimiz to‘kin. Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan Prezidentimizning farmoniga binoan bir guruh soha fidoyilari qatoridan qashqadaryolik fermerlar ham davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi.
Shular orasida Koson tumanidagi “Koson” fermer xo‘jaligi rahbari, 37 yillik tajribaga ega usta dehqon Do‘syor Mavlonov ham bor. U Prezidentimizning farmoniga ko‘ra “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Do‘syor aka mehnat faoliyatini qishloq xo‘jaligida boshlagan paytda imkoniyatlar cheklangan, texnika kam, sharoit og‘ir edi. Ammo u bir qadam orqaga chekinmadi. Mehnati, intilishi va yerga bo‘lgan mehri orqali dehqonchilikning har bir jihatini puxta o‘zlashtirdi.
– Bugungi fermerning imkoniyatlari o‘tmishdagi fermerdan yer bilan osmoncha farq qiladi, – deydi “Do‘stlik” ordeni sohibi Do‘syor Mavlonov. – Oldin texnika ham yetishmasdi, sharoit cheklangan edi. Hozir Prezidentimiz tomonidan fermerlar uchun katta imtiyozlar yaratilgan. Texnika olish, kredit, suv tejovchi texnologiyalar – barchasida qo‘llov bor. Bu biz uchun ulkan imkoniyat.
Do‘syor Mavlonov sohada innovatsion texnologiyalarni joriy etishda tuman fermerlari orasida yetakchilardan biri hisoblanadi. U 20 gektar g‘alla maydonida yomg‘irlatib sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yib, ilk yildayoq gektaridan 65-70 sentnerdan yuqori hosil oldi. Paxtachilikda ham tomchilatib sug‘orishni joriy etib, sarf-xarajatni kamaytirdi, unumdorlikni oshirdi.
Koson tuman MMTP raisi To‘lqin Shirinov fermer haqida shunday deydi:
– Do‘syor aka agronom sifatida juda bilimdon. Har bir fermerga maslahatini ayamaydi. Yangilikka intiluvchan, innovatsiyani birinchilardan bo‘lib sinab ko‘radi. U kishidan o‘rnak olgan holda hududdagi 60 foiz fermer tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘ydi.
Joriy yil fermer 40 gektar paxta maydonida xorijiy navlar yetishtirdi. Shundan 20 gektarida Shinjon agrotexnologiyasi – plyonka ostida qo‘shqator tomchilatib sug‘orish usulidan foydalanildi. Samara kutilganidan ham yuqori bo‘ldi, gektaridan 90 sentnergacha hosil olindi.
Bunday natijaga erishishda ilmiy yondashuv, agrotexnik qoidalarga qat’iy amal qilish va yerni avaylab sug‘orish muhim omil bo‘ldi.
Do‘syor Mavlonov uchun berilgan mukofot nafaqat mehnatning e’tirofi, balki yangi mas’uliyat hamdir.
– Prezidentimiz qishloq xo‘jaligi xodimlari bilan muloqotda biz uchun katta imtiyozlar haqida ma’lum qildi, – deydi Do‘syor Mavlonov. – Kredit stavkalarining pasaytirilishi, subsidiyalar, innovatsiyaga keng yo‘l –bularning barchasi dehqonning ishonchini oshiradi. Men uchun bu mukofot katta mas’uliyat. Yanada ko‘proq mehnat qilish, izlanish va ilmiy yondashuvni kuchaytirish uchun rag‘bat berdi.
Bugun fermer oldiga yanada ulkan maqsad qo‘ygan. Kelasi mavsum 40 gektar paxta maydonining to‘liq qismida Shinjon texnologiyasini qo‘llab, hosildorlikni 100 sentnerga yetkazish niyatida. Yaratilgan sharoitlar, davlat qo‘llovi va fermerning mehnati, tajribasi ushbu rejaning amalga oshishiga asos bo‘lmoqda.
Dehqonning mehnati esa har qanday mukofotga munosib. Do‘syor Mavlonovning bugungi yutuqlari qashqadaryolik fermerlar uchun ham, yurtimiz qishloq xo‘jaligi uchun ham ibratli misoldir.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri