“U-ENTER” Innovatsiya markazida O‘zbekistonda ilk bor “USOLVE” startaplarni qo‘llab-quvvatlash dasturining rasmiy ishga tushirilishi bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tdi. 2026 yilda O‘zbekistonda amalga oshiriladigan “Virtual Accelerate” dasturlarining taqdimoti ham o‘tkazildi. Bu dastur startaplar va bizneslarni tezkor rivojlantirishga qaratilgan xalqaro biznes-xizmatlar platformasi hisoblanadi.
Mazkur tashabbus Buyuk Britaniya hukumati bilan hamkorlikda moliyalashtirilayotgan “Markaziy Osiyoda inklyuziv yashil rivojlanish bo‘yicha Buyuk Britaniya dasturi” doirasida amalga oshirilmoqda.
Taqdimot marosimida davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, xususiy sektor, venchur fondlari, tadbirkor ayollar, biznes-inkubatorlar va akseleratorlar, shuningdek startaplar va ekotizimning boshqa vakillari ishtirok etdi.
“USOLVE” dasturi innovatsion, texnologik va inklyuziv yechimlar yaratishga intilayotgan startaplarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan bo‘lib, uning maqsadi barqaror iqtisodiy o‘sishga xizmat qiluvchi yangi avlod loyihalarini shakllantirishdir. Tadbir davomida ishtirokchilarga dasturning asosiy bosqichlari taqdim etildi: arizalarning dastlabki saralash tartibi, g‘oyalarni takomillashtirish va ularni sinovdan o‘tkazish, shuningdek eng istiqbolli 50 ta startap jamoasi uchun inkubatsiya dasturi.
- “U-ENTER” Innovatsiya markazida Buyuk Britaniya hukumati va “Virtual Accelerate” bilan hamkorlikda “USOLVE” startaplarni qo‘llab-quvvatlash dasturiishga tushirildi, - deydi “U-ENTER” Innovatsiya markazi direktori o‘rinbosari Ilhomjon Aliyev. – Ushbu dasturning asosiy maqsadi yoshlar startaplarini, ayollar tomonidan amalga oshiriladigan startaplarni, xususan, AyTi, inklyuziv tadbirkorlik yo‘nalishida qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Dastur xakaton, biznes-inkubatsiya modullarini o‘z ichiga oladi va butun O‘zbekiston bo‘ylab amalga oshiriladi.
Inkubatsiya jarayoni intensiv o‘quv modullari, individual va guruh mentorligi, mahsulotni rivojlantirish, biznes-modellashtirish, hamkorliklar yaratish va investorlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy ko‘makni o‘z ichiga oladi. Dastur yakunida Demo Day tashkil etilib, unda ishtirokchi jamoalar o‘z yechimlarini ekspertlar va venchur investorlar oldida taqdim etadi.
Shuningdek, eng kuchli 10 ta startap 2026 yilda Ostonada bo‘lib o‘tadigan GITEX tadbirida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Mintaqaning yirik texnologik voqealaridan biri bo‘lgan ushbu maydon ilmiy-texnik yangiliklar, xalqaro bozorlar va yangi investitsiya imkoniyatlariga keng yo‘l ochib beradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/EvXx12_0Fsc" title="“USOLVE” O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA