1 mart — atoqli davlat arbobi Usmon Yusupov tug‘ilgan kun!
Usmon Yusupov uzoq yillar yashagan, ishlagan Yangiyo‘l tumanida nuroniylar tashabbusi bilan unga byust o‘rnatilib, "Usmon ota bog‘i"ga daraxt ko‘chatlari ekish bilan bog‘liq xotira va hashar bo‘lib o‘tdi.
— Usmon Yusupovday ulug‘ inson hamyurtimiz ekanidan biz yangiyo‘lliklar cheksiz faxrlanamiz, – deydi Yangiyo‘l tumani hokimi Ulug‘bek Yalg‘ashev. – Usmon Yusupov qayerda ishlamasin, qadami yetgan joyda uning izidan ming gektarlab shovullagan bog‘lar qolganining guvohi bo‘lamiz. Uning hayot yo‘li bugungi yosh avlod uchun katta ibrat maktabidir.
[gallery-10776]
— Uzoq yillar O‘zbekistonning birinchi rahbari bo‘lib ishlagan Usmon Yusupovning nomi poklanib, o‘z munosib qadrini topishidan, ayniqsa, biz nuroniylar shodligining cheki yo‘q, — dedi Respublika "Nuroniy" jamg‘armasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev. — Mamlakatda keng quloch yoygan "Uch avlod uchrashuvlari" doirasida o‘tayotgan bu kabi tadbirlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan ezgu tashabbuslarning bir namunasi, desak xato bo‘lmaydi. So‘nggi yillarda dunyoga tanilgan sohibkorlar Rizamat ota Musamuhamedov, Zayniddin ota Fahriddinov, olamga taniqli paxtakor Hamroqul Tursunqulov va Tursunoy Oxunova, buyuk olimlar Qori-Niyoziy va Habib Abdullayev kabi buyuk allomalarning pokiza nomi o‘z xalqiga qaytar ekan, bu birinchi navbatda, Yangi O‘zbekistonning adolatli siyosati mahsuli bo‘ldi.
Yuksak saviyada o‘tgan xotira va hashar tadbiri Usmon Yusupov nomidagi tuman Madaniyat saroyida tashkil etilgan mahalliy hunarmandlar, tadbirkorlar ishlab chiqargan noyob mahsulotlar, xalq folklorining kuy-qo‘shiqlari, doshqozonlarda sumalak qaynatish hamda xalq sayliga ulanib ketdi.
O‘zA