Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Usmon Nosir» — yolg‘onlardan xoli roman
14:38 / 2022-09-28

Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyida taniqli adabiyotshunos Naim Karimovning «Usmon Nosir» ma’rifiy-biografik romani taqdimoti o‘tkazildi.

Kitob Usmon Nosir tavalludining 110 yilligi munosabati bilan chop etilgan. Naim Karimovning uzoq yillar davomida jamlagan ma’lumotlari, avval chop etilgan kitoblari to‘planib, roman boyitilgan va qayta nashr etilgan. 

Professor olimlar, yosh tadqiqotchi va Usmon Nosir ixlosmandlari ishtirokidagi tadbirda adabiyotshunos olim Abdulla Ulug‘ov, Otabek Jo‘raboyev, yozuvchilar Xoliyor Safarov, Javlon Jovliyev va boshqalar Naim Karimov faoliyati, yangi chop etilgan kitobning yozilish tarixi haqida so‘zlab berdi. 

– Ustoz Naim Karimov ijodidan bolalikdan mehr qo‘yganman, – deydi yozuvchi Javlon Jovliyev. – Esimda, qishloq kutubxonasida ustozning «Cho‘lpon» nomli romanini o‘qib, shoir Cho‘lponga va adabiyotga mehrim oshgan. Yillar o‘tdi. Talabalik yillarimizda Naim Karimov bilan uchrashuv uyushtirildi. Hamma savol berdi. Men olimning tirigini ko‘rganimdan xursandligimni aytganimda, butun zal kulib yuborgan edi. Haqiqatdan ham Naim akadek fidoyi olim bilan bir davrda yashayotganimizdan faxrlanishga arzirli narsa. Uch yil davomida ilmiy ishimni yozish asnosida ustoz bilan ishlash baxtiga muyassar bo‘ldim. Yaqin kunlarda himoyasi o‘tkaziladigan ilmiy ishimning nimaiki yutug‘i bo‘lsa, ustozning hissasi katta. Usmon Nosirga bag‘ishlangan dramaning yozilishida ham ustoz Naim Karimovning shu romani turtki bo‘lgan. Yuragimni larzaga keltirgan, uni bir kunda o‘qib bo‘lib, keyin drama yozishga kirishganman. Sahna asariga Usmon Nosirning so‘ngi kunlariga bag‘ishlangan haqiqatlarni kiritganman. Ishonamanki, yangi kitob Usmon Nosir haqida filmlar, sahna asarlari yaralishiga turtki bo‘ladi. 

Kitob «Fan» nashriyotidan Muhammadali Mamadaliyev muharrirligida ming nusxada chop etilgan.  Tadbir so‘ngida ishtirokchilar uchun muzeyga sayohat uyushtirildi. Muzey eksponatlari bilan tanishtirildi. 
 
 


D.Mamatova, O‘zA