FOTOREPORTAJ
Surxondaryoda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ayollar uchun mo‘ljallangan kasbiy ta’lim va tadbirkorlik sohasidagi o‘quv dasturini boshladi.
Mazkur tashabbus ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish dasturi doirasida amalga oshirilayotgan bo‘lib, mehnat bozorida o‘zbekistonlik qishloq ayollarini tadbirkor va malakali ishchi sifatida ishtirok etishiga ko‘maklashadi.
[gallery-9268]
Ma’lumki, Surxondaryo viloyatida azaldan milliy hunarmandchilik keng rivojlangan. Voha qizlari bolalikdan gilam to‘qish, kashta, do‘ppi va boshqa buyumlar tikish kabi hunarmandchilik turlari bilan shug‘ullanib kelgan. Lekin, zamonlar o‘zgarishi va globallashuv jarayonlarida opa-singillarimiz bu an’analarni yo‘qotayotgan edi. So‘nggi yillarda sohani keng yo‘lga qo‘yishga milliy qadriyatlarimizning bir bo‘lagi sifatida qaralayotgani xotin-qizlar bandligini ta’minlash va uni qayta tiklashga qulay muhit yaratdi. Viloyat xotin-qizlarida soha sirlarini chuqur o‘rganib, oilaviy byudjetiga qo‘shimcha daromad olib kelishga qiziqish, intilish oshdi.
Xalqaro taraqqiyot agentligi Termiz shahridagi “Almaz” MCHJ qoshida tashkil etilgan Hunarmand markazi bilan hamkorlikda 20 nafar kam ta’minlangan oila xotin-qizlarini kasb-hunar o‘rgatish o‘quv kurslariga jalb qildi.
O‘quv kursida tinglovchilar 2 oy davomida mahoratli o‘qituvchilardan qo‘lda mato to‘qish hamda to‘quvchilik sir-asrorlarini o‘rganadi. O‘qishni tugatgandan so‘ng, ularga sertifikat beriladi. Shuningdek, kurs bitiruvchilari istasa, shu yerning o‘zida ish bilan ta’minlanadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA