Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
USAID O‘zbekiston biznesini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi
23:13 / 2024-03-05

Bugun AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) mamlakatimizda barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan innovatsion tashabbus – “Biznesni qo‘llab-quvvatlash loyihasi”ga start berdi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan marosimda to‘rt asosiy yo‘nalish – axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT), turizm, to‘qimachilik, yashil iqtisodiyotda kichik va o‘rta biznes raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha besh yillik tashabbus amalga oshirilishi e’lon qilindi.

Loyiha asosiy manfaatdor tomonlar, jumladan O‘zbekiston hukumati va xususiy sektor o‘rtasida investitsiyaga ko‘maklashish va ishbilarmonlik aloqasini mustahkamlashni ko‘zda tutadi.

–Mazkur tashabbus farovon, inklyuziv va barqaror kelajak yo‘lidagi umumiy intilishimizning muhim bo‘lagidir, – deydi USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Devid Xofman. – Rivojlanish yo‘lidagi muhim to‘siqlarni bartaraf etish, xususiy sektor faolligini qo‘llab-quvvatlash orqali biznesda, ayniqsa, ayollar va yoshlar boshchiligidagi korxonalar uchun yangi imkoniyat yaratishni maqsad qilganmiz. Sa’y-harakatimiz nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqaga foyda keltiradigan yanada barqaror va raqobatbardosh iqtisodiyotga yo‘l ochadi.

USAID ikki asosiy maqsadga qaratilgan, xususiy sektor yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish hamda investitsiya va moliyalashtirish imkoniyatini oshirishni ko‘zda tutadigan navbatdagi “Biznesni qo‘llab-quvvatlash” loyihasiga besh yil davomida 17,7 million dollar mablag‘ ajratishni rejalashtirgan. Shu orqali dastur biznes rivojlanishi va innovatsiya uchun yanada qulay muhit yaratish, O‘zbekistonning umumiy iqtisodiy farovonligiga hissa qo‘shishga zamin yaratadi.

Yangi tashabbus doirasida Loyihalarni hamkorlikda moliyalashtirish yillik dasturiy bayonoti ham e’lon qilindi. Jami 1,8 million dollar qiymatga teng ushbu dastur mahalliy korxonalarga grant, moliyaviy yordam ajratish, maqsadlarga mos keladigan g‘oyalarni amalga oshirishga ko‘maklashadi.

Tadbirda USAIDning yana bir dasturi – Tadbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirish loyihasi doirasida 10 ta yangi grant egalari nomi e’lon qilindi. Tanlangantashkilotlar jami 1,1 million dollargrant olishi kutilyapti. Tashabbusning asosiy maqsadiayollar va yoshlarningtadbirkorlikdagi faolligi varaqobatbardoshligini oshirish, O‘zbekistondastartap ekotizimini yanadarivojlantirishdan iborat.

Go‘zal Sattorova, O‘zA