English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
USAID ning o‘ninchi forumi virtual ko‘rinishda ish boshladi
15:07 / 2020-11-16

Bugun AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tashkillashtirilgan o‘ninchi Markaziy Osiyo savdo forumi o‘z ishini boshladi.

 Har yili o‘tkazib kelinadigan mazkur xalqaro tadbir Markaziy Osiyo va undan tashqarida mintaqaviy savdo-sotiq va o‘zaro bog‘liqlikni ilgari surishga qaratilgan.

Bu yilgi besh kunlik virtual tadbirlarda qirqqa yaqin davlat, jumladan, AQSH, Afg‘oniston, Gruziya, Germaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Latviya, Litva, Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Buyuk Britaniya, Ukraina, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar vakili bo‘lgan 4000 nafar ishtirokchi hamda 100 nafar ma’ruzachi ishtirok etmoqda.  

Bu yilgi forum "Markaziy Osiyo – o‘sish va farovonlik" mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, uning doirasida COVID-19 pandemiyasidan keyingi iqtisodiy tiklanish davrida Markazi Osiyoda kuzatilayotgan yangi tendensiyalar va bozor jarayonlari ko‘rib chiqiladi.

Virtual ko‘rinishda o‘tadigan tadbirlarga turfa xil onlayn platformalar, jumladan, Zoom, Facebook Live hamda YouTube orqali ulanish mumkin.  

Uchrashuvlarda global va mahalliy ekspertlar, novator va biznesmenlar ishtirok etib, muhokamalar Markaziy Osiyodagi savdo-sotiqni rivojlantirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadigan o‘zaro hamkorlik rishtalarini yo‘lga qo‘yishga qaratiladi.  

Ishtirokchilar onlayn shakldagi jonli uchrashuvlarga ulanib, mintaqaviy ta’minot zanjirlarining COVID-19 ga moslashishi, Markaziy Osiyoda turizmning tiklanishi, mintaqa elektr bozorini shakllantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar, mintaqa elektron bozorini rivojlantirish yo‘lidagi muammo va imkoniyatlar, davlat bilan xususiy sektor o‘rtasidagi muloqotni yo‘lga qo‘yish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va boshqa qator mavzularga bag‘ishlangan muhokamalarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.  

Forum davomida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston vakillari bo‘lgan 20 dan ziyod meva-sabzavot va bog‘dorchilik mahsulotlari yetishtiruvchilari Savdo dunyosi (World of Trade) chakana savdo forumi orqali potensial sheriklar bilan bevosita muzokaralar o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi.  

– O‘n yil muqaddam mazkur forumga Markaziy Osiyoni barqaror, farovon va o‘zaro bog‘langan hududga aylantiradi, degan ishonch bilan tamal toshi qo‘yilgan,– deydi AQSHning Qozog‘istondagi elchisi Uilyam Mozer. –  Savdo-sotiq hech qachon bir tomongagina manfaat olib kelmagan. Hamkorlikdan barcha birdek manfaat ko‘radi.

Vashingtondan ulangan USAIDning Osiyo mintaqasi bo‘yicha byurosi rahbarining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Xaver Pedra shunday qo‘shimcha qildi: “USAID mazkur muhim tadbirni qo‘llab-quvvatlashda davom etayotgani bilan faxrlanadi. Biz mintaqa bo‘ylab, jumladan, Afg‘onistonda ham savdo-sotiqni rivojlantirish, yangi tijorat rishtalarining o‘rnatilishiga ko‘maklashish hamda Markaziy Osiyo bilan AQSH o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni takomillashtirish g‘oyasiga sodiqmiz”.

Oxirgi o‘n yil davomida Markaziy Osiyo savdo forumi o‘z atrofida 30 dan ziyod mamlakatning 5 mingdan ziyod hukumat a’zolari, biznesmen va olimlarini birlashtirib, ularga yangi tendensiyalar haqida ma’lumot olish, g‘oyalar almashish, hamkorlik rishtalarini o‘rnatish va sheriklikni amalga oshirish imkoniyatini taqdim etdi.  

Oxirgi o‘n yillikda Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi o‘zaro savdo hajmi ikki barobardan ko‘p o‘sib, yiliga deyarli 6 milliard dollarni tashkil etmoqda.  

Forum USAIDning "Raqobatbardoshlik, savdo va ish o‘rinlari" loyihasi tomonidan “Adventure Travel” savdo assotsiatsiyasi, O‘zbekistondagi Amerika savdo-sanoat palatasi, CERT akademiyasi, Logistika va transport Qirollik instituti, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, “Global Cold Chain Alliance” uyushmalar guruhi, Qozog‘iston transportittifoqi, “Lonely Planet” nashriyoti, “Indy Guide” sayyohlik axborot markazi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Birlashgan Millatlarning Jahon turizm tashkiloti, “Wideoyster” onlayn jurnali, “Women in Logistics and Transport” xalqaro tashkiloti va "World Travel Market" sayyohlik ko‘rgazmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.