French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Urushdan so‘ng cho‘lni o‘zlashtirishda qatnashgan baxmallik 101 yoshli G‘iyos bobo yo‘qlab borildi
15:14 / 2021-05-08

Jizzax viloyati Baxmal tumanining Dang‘ara qishlog‘ida yashovchi Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi, 101 yoshli G‘iyos bobo Bekamovga 4-sektor rahbari hamda tuman hokimi ishtirokida Prezidentimizning bayram mukofotlari topshirildi.

Ikkinchi jahon urushi boshlanib, ko‘pchilik qatori G‘iyos Bekamov Saratov shahrida ozgina muddat boshlang‘ich tayyorgarlikdan so‘ng, Oder daryosi bo‘yidagi qirg‘inbarot janglarda ishtirok etdi. Bir jangda oskolka bosh terisini yalab o‘tdi. Yana bir jangda daydi o‘q ikki barmog‘ini olib ketdi. G‘alabani Germaniyada kutib oldi.

U urushdan keyingi yillarda ham cho‘lni o‘zlashtirishda ishtirok etdi. Baxmalga qaytib, qishloq xo‘jaligi sohasida uzoq yillar mehnat qildi.

Tuman hokimi Muso Anorboyev Prezidentimizning otaxonga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Sobiq jangchi Prezident farmoniga ko‘ra, 12 million so‘m pul mukofoti, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Viloyat davlat soliq boshqarmasining boshlig‘i Begzod Tashpulatov viloyat hokimi Ergash Soliyevning maxsus sovg‘asi – rangli televizorni tantanali sur’atda topshirdi.

– Mash’um urushni unutib bo‘lmaydi, – deydi otaxon. – Urushning azob-uqubatlarini biz ko‘rdik, sizlar aslo ko‘rmang. Qishlog‘imizdan frontga ketgan o‘ttiz yigitdan yigirma nafari qaytmadi. Omon qaytganlar ham olgan jang asoratlari tufayli uzoq yashamadi. Bu baxtli kunlarni ko‘rish men kabi sanoqli keksalarga nasib etdi. Bizga ko‘rsatilayotgan katta g‘amxo‘rlik, e’tibor uchun behad minnatdorman. Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan urush faxriylarini qo‘llab-quvvatlash ko‘ksimizni tog‘ qadar ko‘tardi. Gap pulda emas, ushbu farmon mazmun-mohiyatida olam-olam ma’no bor, yosh avlodga ibrat, saboq bor.

Davr o‘tgan sari ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari soni tobora kamayib borayotir. Ayni paytda viloyatda 14 nafar urush faxriysi, 3 nafar Leningrad shahri qamali va fashistlar konslegerida bo‘lganlar istiqomat qilmoqda. Davlatimiz rahbarining «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi farmoni hamda «Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida ularning xonadonlariga borilib, sovg‘alar topshirildi.

T.Beknazarov, O‘zA