9 may – Xotira va qadrlash kuni
Ikkinchi jahon urushining xalqimiz qalbida qoldirgan unutilmas jarohatini bugungi dorilamon kunlargacha yetib kelgan urush qatnashchilari siymosida yaqqol anglash mumkin. Urushning ilk kunlaridanoq frontga safarbar etilgan otaxonlar bilan suhbatlashsangiz tinmay tinchlikni asrash va osoyishta hayotning qadriga yetish haqida gapiradi.
Ikkinchi jahon urushi tugaganiga ham bu yil 78 yil to‘ladi. Oradan oylar, yillar o‘tib, bu jangu jadal boshlangan va yakunlangan sanalar bizdan tobora uzoqlashmoqda. Lekin urushning insoniyat qalbiga qoldirgan jarohati hech qachon bitmaydi. Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabani ta’minlashga ko‘plab xalqlar qatori, o‘zbek xalqi ham katta hissa qo‘shgan. O‘sha paytda yurtimizda 6 million 900 ming nafarga yaqin kishi istiqomat qilgan bo‘lsa, ulardan taxminan 2 millionga yaqini urushga safarbar etilgan. 500 mingdan ortiq vatandoshimiz urush maydonlarida qurbon bo‘lgan.
Fashizm balosiga qarshi kurashda 13 ming nafar qashqadaryolik qatnashdi va ularning yarmidan ko‘pi omon qaytmadi. Hozir viloyatda ularning 10 nafarigina, ya’ni Qarshi shahridan Vera Nosirova va Ahmad Jalilov, g‘uzorlik Ennazar Hasanov, qamashilik Ro‘ziboy Sattorov, kasbilik Erka Nazarov va Xayrullo Shermatov, nishonlik Ro‘zi Soatov, chiroqchilik Jo‘ra Yadgarov, Shahrisabz tumanidan Saydullo Jabborov va Shahrisabz shahridan Omon Boboyev biz bilan yonma-yon umrguzaronlik qilmoqda. Ne-ne azoblarni ko‘rgan bu chehralarga boqqan kishi hayotni yanada ardoqlagisi, mehr-muruvvat, ko‘ngillarga shodlik ulashgisi keladi.
Yaqinda nishonlangan Ramazon hayiti va 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida bu nuroniylar xonadonidan yo‘qlab keluvchilar qadami uzilmayapti.
Shu kunlarda o‘zining 113-bahorini qarshilayotgan, nafaqat Mang‘itning, balki Qamashi tumanining eng keksa otaxonlaridan biri, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ro‘ziboy bobo Sattorov yoshlarga nasihat qilishdan charchamaydi. 8 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan, nevara-evarayu, chevaralarning mehribon va nasihatgo‘y bobosi Sattorovning xonadoni bayram arafasida to‘yxonaga aylanib ketdi. Tumanning barcha darajadagi rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, maktab o‘quvchilari tashrif buyurdi.
– Otam mehnatkash, samimiy inson, – deydi Ro‘ziboy otaning kenja farzandi Abdurasul Sattorov. – Shunday qalbidaryo insonning farzandi ekanimdan faxrlanaman. U kishining o‘gitlariga monand yashab kam bo‘lmayapmiz. Aka-opalarim hammasi o‘zlaridan tinib-tinchib ketgan. Otam juda baquvvat, ishlab charchamaydigan, tinib-tinchimas inson edi. Afsuski, koronavirusdan so‘ng ancha charchab qoldi.
Ro‘ziboy Sattorov urushning birinchi kunlaridanoq frontga safarbar etilgan. Rossiya, Ukraina va Belorussiyadagi bir qator shaharlarni, Yevropa mamlakatlarini fashist gazandalaridan ozod qilishda ishtirok etgan. Shu orada oyog‘idan yaralanib, gospitalda davolangan. Tuzalgach esa yana jangga qaytib, g‘alabani Germaniyada kutib oldi. Urushdan so‘ng jonajon qishlog‘iga qaytib kelganida qishloq ahli nochor ahvolda edi. Ko‘pchilik erkaklar urushga ketib qaytib kelmagan, hamma ish keksalar, ayollar va yosh bolalar zimmasida edi. Ro‘ziboy Sattorov urush asoratlarini tugatishga astoydil bel bog‘lab ishga kirishib ketdi. O‘sha og‘ir va mashaqqatli yillarda kolxozda mehnat qildi.
– Hayot yo‘llarim anchayin mashaqqatli kechgan, – deb eslaydi bobo. – O‘sha manfur urush yillarini eslasam, hali-hanuz yuragim eziladi. Ochlik, nochorlik, odamlar ko‘zlaridagi talvasa-qo‘rqinch. Har soniyada boshingda soya solib turgan o‘lim sharpasi xotiramda bir-bir tiklanib, dahshatga solib turadi. Urushdan keyingi qiyinchiliklar ham ko‘p bo‘ldi, hammasi ortda qoldi. Bobo gapirishdan charchab, ko‘zlarini ohista yumadi. Qator orden va medallar bilan taqdirlangan, qadr-qimmati, sha’ni ulug‘lanayotgan yurtda, yaqinlari ardog‘ida yashayotgan Ro‘ziboy bobo Sattorov bugungi dorilomon kunlarga yetkazganiga shukr qiladi.
[gallery-11604]
Chindan ham, ayni dorilomon kunlar, diyorimizdagi fayzu baraka hamda obodlik ana shu keksalarimizning ko‘p yillar oldingi sa’y-harakatlari va pok niyatlari, bugungi duolari samarasi emasmi?! Chunki bu tabarruk insonlar har tong, har lahza yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, farovonlik, to‘kin-sochinlik bo‘lishini tilaydi. Biz esa ularning mazmunli hayotidan ibrat olishimiz lozim.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA