Urush yillari askarlar uchun 10 mingdan ziyod issiq qoʻlqop tikib bergan Jumagul ayaga harbiylar sovgʻa berdi
Ikkinchi jahon urushida Qoraqalpogʻistondan 50 mingdan ortiq vatandoshimiz frontga ketgan.
9-may – Xotira va qadrlash kuni
Ikkinchi jahon urushida Qoraqalpogʻistondan 50 mingdan ortiq vatandoshimiz frontga ketgan. 34 mingdan ziyodi jang maydonlarida mardlarcha halok boʻlgan va bedarak yoʻqolgan. 20 mingdan ziyod qoraqalpogʻistonliklar front ortida turli sanoat muassasalari va kolxozlarda jonbozlik koʻrsatib, jangchilarga oziq-ovqat va kiyim-kechak mahsulotlarini yetkazishgan.
Qoraqalpogʻiston mehnatkashlarining ulkan bagʻrikenglik namunasi sifatida frontdagilarning oilalariga va evakuatsiya qilingan yetim bolalarga, urushda nogiron boʻlib qolganlarga oʻz hisobidan 586 ming manat pul, 6 945 nafar bosh qora mol va qoʻy-echki, 124 tonna gʻalla, 384 685 kilogramm poliz va hoʻl meva mahsulotlari, 22 514 kubometr yogʻoch-oʻtin, 3 637 metr gazlama, 25 800 dona ustki va oyoq kiyim yuborganini eʼtirof etish joiz.
Urushga jalb qilingan erkaklarning oʻrnini egallagan ayollar, voyaga yetmaganlar, nogironlar armiyani oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan taʼminlab, front ortida fidokorona mehnat qilishgan.
Ana shunday fidoyi inosonlardan biri Nukus tumanida istiqomat qilayotgan front orti mehnat faxriysi, 93 yoshli Jumagul aya Boyniyazova boʻladi. Jumagul aya urush yillari minglab yurtdoshlarimiz kabi front ortida mehnat qilib, askarlar uchun 10 mingdan ziyod issiq qoʻlqop tikib bergan. Ammo onaxonning frontga xizmati faqat tikuvchilik sexidagi ish bilan cheklanmadi. Faxriy onaxon kolxozda paxta yetishtirishda ham jonbozlik koʻrsatgan.
Jumagul ayaning turmush oʻrtogʻi, rahmatli Reyim Yusupov ham Ikkinchi jahon urushida qatnashgan edi. Fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 75 yilligini u kishi koʻrmasalar ham, turmush oʻrogʻiga koʻrsatilayotgan eʼtibor, gʻamhoʻrlikdan ruhlari shod boʻlishi aniq.
9-may – Xotira va qadrlash kuni bayrami arafasida onaxonni yoʻqlash uchun kelgan Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birining harbiy xizmatchilari va faollari Jumagul ayaning koʻnglini togʻdek baland qildi. Onaxon “biz koʻrgan qiyinchiliklarni sizlar hech qachon koʻrmanglar. Yurtimizga koʻz tegmasin” deya duo qildi.
Harbiy tibbiyot mutaxassislari tomonidan onaxonning sogʻligʻi tekshirilib, unga va oila aʼzolariga shaxsiy himoya vositalari, sovgʻa-salomlar ulashildi.
Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati OʻzAga maʼlum qildi.
Bayram munosabati bilan harbiy xizmatchilar Nukus tumanidagi Oʻrnak ovulida istiqomat qilayotgan II guruh nogironi Qurol Berdiyevning ham holidan xabar olishdi. Xayriya sifatida mehmonlar birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari hamda shaxsiy gigiyena vositalari berishdi.