Navro‘z bayrami munosabati bilan, qolaversa, “Saxovat oyligi” doirasida Buloqboshi tumani Uchtepa mahallasida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi Abdug‘ani ota G‘apporov holidan xabar olindi.
Buloqboshi tumani hokimi O‘.Ma’murov, Andijon viloyati Mudofaa ishlari hamda Sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari A.Maripjonov, A.Mirzajonov, jamoatchilik vakillari, bir guruh harbiylar Abdug‘ani ota G‘apporov xonadonida bo‘lib, u bilan suhbatda bo‘ldi. Navro‘z umumxalq bayrami bilan muborakbod etib, otaxonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tabrigini yetkazdi.

Abdug‘ani ota G‘apporov Ikkinchi jahon urushi janggohlarida qahramonlik namunalarini ko‘rsatgan mard va jasur o‘zbek yigitlaridan biridir.

1924-yilning 5-yanvarida tavallud topgan Abdug‘ani G‘apporov o‘n yetti yoshida urushga safarbar qilingan. Urush boshlangan 1941-yildan to G‘alabaga qadar turli frontlarda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi ayovsiz janglarda ishtirok etdi, qahramonlik namunalarini ko‘rsatdi, qator orden va medallar bilan taqdirlandi.
Urushdan qaytgach, Abdug‘ani G‘apporov xalq xo‘jaligining turli sohalarida sidqidildan mehnat qildi, farzandlarini tarbiyalab, qatorga qo‘shdi, el-yurt orasida hurmat-e’tibor topdi. Bugun o‘zining qutlug‘ 100 yoshini qarshi olgan otaxon farzandlari, nabira va chevaralari, hamqishloqlari, el-yurt ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda.

Abdug‘ani ota G‘apporov o‘ziga ko‘rsatilgan e’tibordan behad xursand bo‘ldi, Yurtboshimizga, barcha faollarga minnatdorchilik bildirdi. Bugungi tinch, osoyishta va farovon kunlarimizga shukrona keltirib, duolar qildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari