FOTOREPORTAJ
Ikkinchi jahon urushi haqidagi xotiralarning jonli guvohlari safi, afsuski, tobora kamayib bormoqda. Nachora, hayot bu! Bugun asrni qaritib, o‘sha dahshatli yillarni hamon titrab eslaydigan, ayni chog‘da hozirgi tinch, osuda hayot uchun shukronani tilidan qo‘ymaydigan nuroniylarimizning umr yo‘li avlodlar uchun ibrat maktabi bo‘lib qolaveradi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Isroil Sobirov boshchiligida Surxondaryo viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi va bo‘limlari harbiy xizmatchilari, Termiz harbiy gospitali hamda tuman hokimliklari vakillari Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Oltinsoy va Denov tumanlarida umrguzaronlik qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xonadonida bo‘ldilar. Malakali shifokorlar otaxonlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, zarur dori-darmonlar ulashdi.
Qumqo‘rg‘on tumanidagi Munchoqtepa mahallasida yashayotgan Hayit bobo Musayev 19 yoshida urushga yo‘l olgan. Janglarda chinakam jasorat ko‘rsatgan otaxon bu yil 1 may kuni 100 yoshni qarshi oldi.
[gallery-11784]
Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi xonadonida bo‘lib o‘tgan tadbirda piru badavlat otaxon mehmonlarga urush davri va undan keyingi mashaqqatli davr haqida so‘zlab berdi.
– Navqiron yoshligim olis yurtlarda kechdi, – deydi Sho‘rchi tumanida istiqomat qilayotgan Oqboy bobo Shoymardonov. – Jang maydonlarida son-sanoqsiz quroldoshlarimdan ayrildim. Ko‘z oldimda daydi o‘qdan jon taslim qilayotgan safdoshlarimni eslasam, hamon yuragim og‘riydi... Hozir esa har tongda xotirjam uyg‘onganimga shukr aytib, boshdan o‘tkazgan u kunlarni avlodlarimiz hech qachon ko‘rmasin, deya duo qilib o‘tiribman.
Ikkinchi jahon urushida Surxon vohasidan frontga 53 ming 365 o‘g‘lon jo‘natilgan. Ularning 11 nafari jangu jadallarda jasorat namunalarini ko‘rsatib, mardlarcha halok bo‘lgan.
Surxondaryo viloyatida hozirgi kunda 8 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi bor.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA