Isroil bir tomondan Livan, ikkinchi tomondan Falastin bilan keskin jang olib borayotgan bir paytda urush hududidagi begunoh aholi, shuningdek ziddiyatlarni bartaraf etish ilinjida yurgan xalqaro tuzilmalar vakillari hayoti xatar ostida qolyapti.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Livandagi missiyasi Isroilning mamlakat janubiga quruqlikdagi hujumi kuchayib borayotganiga qaramay, tinchlikparvar amaliyot to‘xtamasligini ta’kidladi, G‘azodagi shifokor esa Isroilning bir shifoxonani yopish haqidagi buyrug‘iga qarshi chiqdi.
BMTning Livandagi Muvaqqat kuchlari – UNIFIL Isroilning chegara bo‘yi hududlarini bo‘shatish haqidagi takroriy so‘rovini rad etdi va Xavfsizlik Kengashining 2006 yildagi Livan urushini tugatishga qaratilgan 1701-rezolyutsiyasi kuchda ekanini eslatdi. Shuningdek, tuzilma Isroil armiyasi tomonidan Livan hududidagi g‘arbiy sektorda Morun Al-Ras janubi-sharqidagi 6-52 missiya maydoni yaqinida amalga oshirilgan harakat bilan bog‘liq jiddiy xavotir mavjudligini ham bildirgan. Ya’ni, XK topshirig‘i bajarilayotganda tinchlikparvar kuchlar hayoti xavf ostida qolishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
G‘azodagi Kamol Advan kasalxonasi direktori Hussam Abu Safiya aytishicha, isroillik harbiylar shifoxonani yopish va odamlarni ko‘chirish haqidagi ogohlantirishiga qaramay, muassasa ishlaydi. Shifokor bir yillik mojaro tufayli bolalarga xizmat ko‘rsatadigan, davolanishni ta’minlaydigan muqobil shifoxona qolmaganiga urg‘u bergan.
– Kasalxonaga armiya kirsa ham ishlashda davom etamiz, chunki biz birinchi navbatda xalqaro gumanitar huquq buzilmasligini ta’minlaydigan insonparvarlik amaliyotiga mos xizmat ko‘rsatyapmiz, – dedi u. – Barcha xalqaro tashkilotlarni bizni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz.
Harbiy amaliyot G‘azodan Livangacha kengayib, uy, maktab, kasalxona kabi muhim infratuzilmani vayron qilgan doimiy bombardimon tufayli yuz minglab odam majburan ko‘chirilishiga to‘g‘ri kelgan bir paytda asosiy ishchilarning bo‘ysunmasligi holatlari uchramoqda.
Yangi to‘qnashuvlar
Hizbulloh chegara yaqinidagi to‘qnashuvda harakat jangchilari Isroil qo‘shinini ortga chekinishga majbur qilganini bildirdi.
Ma’lumki, ushbu guruh bir yil davomida G‘azodagi mojaro bilan bir vaqtda Isroil tomon raketalar yo‘naltirmoqda. Hozir esa Livanning Isroil bilan tog‘li chegara bo‘ylab tarqalayotgan quruqlikdagi to‘qnashuvida ishtirok etmoqda.
Kecha Isroil shimoli, jumladan Livandan amalga oshirilgan kuchli otishma chog‘i yirik port shahri – Xayfada raketa sirenasi to‘xtovsiz yangradi. Kun adog‘ida Isroil hukumati Hizbulloh raketasi tushgan shimoliy shaharchada ikki kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Harbiylar aytishicha, jami 20 ga yaqin raketa uchirilgan.
BMT seshanba kuni e’lon qilgan “Population Flash Appeal” ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan oy oxiridan boshlab, jangovar harakat avj olgandan buyon 285 mingdan ko‘p odam, asosan ayollar, bolalar va nogironlar Livandan Suriyaga qochib o‘tgan.
Bosh kotib Antoniu Guterrish taxminan 400 000 kishi G‘azodan janubga “haddan tashqari gavjum, ifloslangan va omon qolish uchun hech qanday imkoniyat yo‘q” hududga qochishga majbur qiladigan kuchli bosim ostida qolganini bildirdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA