“The Guardian” nashri yozishicha, Urugvayning 3,5 million fuqarosidan yarmi ichimlik suvidan mahrum. Ekspertlar bunday vaziyat bir necha oy davom etishini taxmin qilmoqda.
Mutasaddilar ancha oldin poytaxt Montevideo atrofidagi metropoliyani suv bilan ta’minlaydigan yagona havza zaifligi tufayli suv inqirozi kelib chiqishini bashorat qilishgandi. Ta’minot kamayishidan ogohlantirganlar fikri e’tirozga uchrab, ular olg‘a surgan g‘oyalar uchun investitsiya kiritilishi koldirilgandi. Zero, Lotin Amerikasi standartiga ko‘ra, Urugvay yuqori daromadli mamlakat sanaladi va tarixan mo‘l suv resurslariga ega, deb hisoblanadi.
Afsuski, ketma-ket uch yillik qurg‘oqchilik sabab, suv havzasi deyarli qurib borayotganidan suv tanqisligi oldini olish uchun mas’ul davlat suv ta’minotchisi (OSE) yil boshidan Rio-de-la-Plata daryo irmog‘idan sho‘r suvni havzaga asta-sekin qo‘shib kelmoqda.
May oyi boshida aralashma tarkibidagi natriy xlorid Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan tavsiya etilgan maksimal darajaga yetdi. Endi esa ushbu miqdor ikki barobar ko‘payib, suvga qo‘lansa ta’m bermoqda.
Buning salomatlik uchun zarari ehtimoli yuqori.
Vaziyatni nazoratga olgan hukumat qadoqlangan suvni soliqdan ozod qildi va 500 000 dan ziyod odamga bepul berilishini e’lon qildi.
Meteorolog Mario Bidegain fikricha, agar sentyabr oyi boshida kutilayotgan kuchli yomg‘ir yog‘sa, ichimlik suvi masalasida ijobiy o‘zgarish ro‘y beradi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA