Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Urug‘lik sifatsiz chiqsa, zarar qoplanadi
14:32 / 2025-07-21

Qishloq xo‘jaligida yuqori hosil olish uchun eng birinchi qadam — bu sifatli urug‘lik tanlash va uni to‘g‘ri baholash hisoblanadi. Sifatli urug‘lar sog‘lom, tez o‘sadigan va yuqori hosil beradigan o‘simliklar yetishtirishga yordam beradi.

Mamlakatimizda urug‘liklar sifatini baholashning yangi tizimi joriy etilishi rejalashtirilgan. Bu tizim orqali har bir urug‘lik qadoqlari raqamli QR-kodli yorliqlar bilan ta’minlanadi.

Bu qanchalik muhim? "O‘zagroinspeksiya" huzuridagi "Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash" davlat muassasasi direktori Jahongir Karimov bu haqda quyidagilarni ma’lum qildi.

—Qishloq xo‘jaligi sohasini sifatli urug‘lar bilan ta’minlash dolzarb masala, — deydi Jahongir Karimov. — Sifatli urug‘, eng avvalo hosildorlikni oshiradi, bunda vaqt va mehnat tejaladi. Yerdan samarali foydalaniladi hamda kasalliklar va zararkunandalar tarqalishining oldi olinadi.

Taqdim etilayotgan imkoniyatlardan biri, dehqon va fermer xo‘jaliklari urug‘lik sotib olganida urug‘liklar sifatsiz chiqqani isbotlansa, urug‘likni sotgan korxona tomonidan zararni qoplash bo‘yicha majburiyat belgilandi.  

Urug‘liklar haqidagi barcha ma’lumotlar – nav tavsifnomasi, navdorlik va ekinboplik sifatlari, ishlab chiqaruvchi va urug‘lik haqidagi zaruriy ma’lumotlarni QR-kod orqali (smartfon yordamida) bir zumda ko‘rish imkoniyati paydo bo‘ladi. Urug‘likdan foydalanuvchilar urug‘lik xarid qilish vaqtida raqamli QR-kodli yorlig‘i mavjudligini tekshirib olish orqali sifati kafolatlangan urug‘likka ega bo‘ladi.

O‘zbekistonda yangi tizim doirasida urug‘liklar sifatini baholash bo‘yicha “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” yagona vakolatli tashkilot sifatida belgilanadi. Yangi tizim  urug‘liklarning navdorlik sifatlarini baholash hamda urug‘liklarning ekinboplik sifatlarini baholash kabilarni nazarda tutadi.

Sifatni baholashda nima e’tiborga olinadi?

Eng avvalo, nav sofligi – urug‘ aynan aytilgan navga tegishlimi, uning boshqa navlar bilan aralashmagani o‘rganib chiqiladi. Chiquvchanlik– urug‘ qancha foiz holatda o‘sadi? Masalan, 100 ta urug‘dan 90 tasi o‘ssa, chiquvchanlik 90 foiz deyiladi. Fizik tozalik – urug‘da chang, tosh, somon, boshqa o‘simlik urug‘lari bor-yo‘qligi tekshiriladi.

Namlik darajasi – urug‘ning ichidagi suv miqdori aniqlanadi. Chunki, ortiqcha namlik urug‘ning tez buzilishiga sabab bo‘ladi. Kasallik va zararkunandalardan xoli ekani – urug‘ sog‘lommi yoki zararlanganmi, tekshiriladi. Yashovchanlik– urug‘ qancha vaqtgacha o‘lmay turishi mumkinligi baholanadi.

Shuningdek, barcha dehqon, fermer xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari uchun mahalliy ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi sub’ektlarning reyestri, urug‘liklarning sifatlarini baholash natijalari reytingi bilan agroxizmat.uz (https://agroxizmat.uz/) rasmiy veb-sayt orqali tanishib borish imkoniyati yaratiladi.  

Xalqaro tajribaga asoslanib, yangi tizim doirasida ISTA va OECD qoidalari bo‘yicha me’yoriy hujjatlar moslashtiriladi. Natijada, yangi tizim joriy etilishi bilan eksportbop, yuqori sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga erishiladi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA