Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi “G‘ijduvon super elita urug‘chilik” xo‘jaligida urug‘lik paxta maydonlarida dala aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish bo‘yicha respublika ko‘rgazmali o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Unda qishloq xo‘jaligi vazirligining boshqarma boshliqlari va xodimlari, qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash, urug‘chilikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazlarining rahbar-xodimlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo, Samarqand va Xorazm viloyatlarining qishloq xo‘jaligi boshqarma boshliqlari, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va “Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi davlat unitar korxonasi hududiy rahbarlari, urug‘chilikni rivojlantirish markazining hududiy boshqarma boshliqlari, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti va hududiy ITS rahbarlari, qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazining stansiya va uchastka boshliqlari, urug‘lik paxta yetishtiruvchi sub’ektlar va elita urug‘chilik xo‘jaliklari mutaxassislari qatnashdi.
Tadbirda 2023 yil hosili uchun urug‘lik paxta xomashyosini jamg‘arish maqsadida urug‘lik g‘o‘za maydonlariga xolisona baho berish hamda aprobatsiya tadbirlarini sifatli o‘tkazish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlar keng muhokama qilindi. Mavjud vaziyat “G‘ijduvon super elita urug‘chilik” MCHJ dala maydonlaridagi paxta parvarishi misolida tushuntirildi.

O‘quv seminarining asosiy qismida Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev so‘zga chiqdi. 2022 yil urug‘lik paxta maydonlarida o‘tkaziladigan dala aprobatsiya ishlarini sifatli amalga oshirish masalalari xususida to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, joriy yil 7 iyulda Davlatimiz rahbarining “Paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarni joriy qilishning qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan Prezidentimiz huzurida Paxtachilik Kengashi tashkil etildi. Qarorda paxta hosildorligini oshirish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urug‘chilikni, nav tanlash, yerga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yish orqali paxta-to‘qimachilik sohasida eksport hajmi va daromadni oshirish maqsadida Paxtachilik kengashiga vazifalar belgilab berilgan.
Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvardagi “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan boshlab hududlarni yuqori avlodli urug‘liklar yetishtirishga ixtisoslashtirish tizimi joriy etildi. Mazkur hujjat ijrosi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hokimliklarining takliflariga asosan hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, paxtachilik yo‘nalishida 119 ta tuman, 390 ta hududlardan tanlab olingan 3 ming 172 ta sub’ektlarning 100 ming gektar g‘o‘za maydonlari urug‘lik paxta yetishtirishga ixtisoslashtirildi.
Hududlarda o‘tkazilgan tanlovlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 oktyabrdagi 641-sonli qarorining 1-ilovasi Original, elita va keyingi avlodlarga mansub urug‘lik paxta yetishtirish huquqiga ega bo‘lish uchun xo‘jaliklar o‘rtasida tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga asosan amalga oshirildi.

Seminarda dala sharoitida go‘za navdorligini aniqlash bo‘yicha aprobatsiya o‘tkazish va hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi, g‘o‘za navlarini to‘g‘ri joylashtirish va sifatli urug‘lik jamg‘armasini yaratishda g‘o‘za aprobatsiyasining maqsad va vazifalari, urug‘lik paxta maydonlarida dala aprobatsiyasini normativ-huquqiy xujjatlar talablari asosida o‘tkazilishini nazorat qilib borish, sog‘lom urug‘lik fondini yaratishda o‘simliklarni ximoya qilish sohasi olim va mutaxassislarining asosiy vazifalari, elita urug‘chilik xo‘jaliklariga yuqori navdorlikka ega bo‘lgan g‘o‘za navlarining original urug‘lik materiallarini yetkazib berilishida institut va nav mualliflarining olib borayotgan ishlari haqida tushunchalar berildi. Shuningdek, yaratilayotgan va istiqbolli g‘o‘za navlarini davlat nav sinash uchastkalariga topshirish va sinov o‘tkazish tartibi, urug‘lik maydonlarida aprobatsiya ko‘riklarini o‘tkazish, navga xos bo‘lmagan g‘o‘za tuplaridan tozalash, hosilni terib olish tartibi va yaroqsiz deb topilgan maydonlardan urug‘lik paxta terishga yo‘l qo‘ymaslik haqida aytib o‘tildi.
Seminarda “O‘zagroinspeksiya”ning Buxoro viloyati boshqarmasi va tuman bo‘limlari, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi viloyat boshqarmasi hamda qator sohaga aloqador tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan aprobatsiya guruhlari e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tildi.

G‘o‘za urug‘chiligi xo‘jaliklarida g‘o‘za agrotexnikasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, aprobatsiyaning ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Urug‘lik paxta maydoniga ega fermer xo‘jalik rahbarlariga aprobatsiyani sifatli o‘tkazish bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA