Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Urug‘lik g‘alla maydonlarida aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish – muhim masala
15:21 / 2023-05-13

Andijonda urug‘lik don yetishtirilayotgan g‘alla maydonlarida dala aprobatsiyasi ko‘rigini o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan respublika o‘quv-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida Andijon tumanidagi Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutida o‘tkazilgan o‘quv-amaliy seminarda Qoraqolpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari, hududiy “Agroinspeksiya” boshqarmalari rahbarlari, “Agrosanoat majmuida xizmatlar ko‘rsatish markazi” DUK hamda “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” boshqarmalari, Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markaziga qarashli hududiy stansiya va uchastkalar, shuningdek, Urug‘lik donni qayta ishlash sexlari  boshliqlari, Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti, uning hududlardagi ilmiy-stansiyalari direktorlari, urug‘lik don yetishtirishga ixtisoslashgan xo‘jaliklar, don qabul qilish korxonalari rahbarlari ishtirok etdi.  

[gallery-11866]

O‘quv-amaliy seminar ishtirokchilari dastlab, Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining tajriba dalasida boshoqli va dukkakli don ekinlari, shuningdek, noan’anaviy ekinlar yangi navlari, ushbu navlarni parvarishlash jarayonlari bilan tanishdi.  

-  Institutimizning 175 gektarli dala-tajriba maydonlarida 200 dan ortiq don va dukkakli ekinlarning yangi navlari joylashtirilgan bo‘lib, mahalliy iqlim sharoitida sinovdan o‘tkazilmoqda, - deydi Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori Ravshanbek Siddiqov. -  Bundan tashqari, mutaxassislarimiz yuzdan ortiq nav holatiga kelgan duragay populatsiyalar, mingdan ziyod gibridlar ustida ham ilmiy-tadqiqot ishlari olib bormoqda.  

Ishtirokchilarga institut olim va mutaxassislari tomonidan tajriba dala maydonida yangi navlarni sinovdan o‘tkazish, parvarishlash jarayonlari, dala maydonida joriy etilgan yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi,  umuman, olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari haqida keng ma’lumotlar berildi.

– Andijonda, institut tajriba-dala maydonida olib borilayotgan ishlar bilan tanishib, don va dukkakli ekinlar parvarishiga oid ko‘p narsalarni o‘rgandik, o‘zaro tajriba almashdik, – deydi Xorazm viloyati “Agroinspeksiyasi” Urug‘chilikni nazorat qilish bo‘yicha sho‘’ba boshlig‘i Xursandbek Sobirov. – Albatta, o‘rganganlarimizni, ilg‘or tajriba va ish usullarini kelgusida faoliyatimizga tatbiq etib, samarali natijalarga erishishga harakat qilamiz.  

Qishloq xo‘jaligi vaziri Azizbek Voitov hamda o‘quv-seminar qatnashchilari Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Don saralash markazida bo‘lib, yangi don saralash uskunasining ochilish marosimida ishtirok etdi. Xitoy davlatidan keltirilgan bir necha blokdan iborat mazkur uskuna bir sutkada 30-35 tonna urug‘lik donni saralab, dorilab berish imkoniga ega.  Shundan so‘ng urug‘lik don yetishtirilayotgan g‘alla maydonlarida dala aprobatsiyasi ko‘rigini o‘tkazish, joriy yilda yetishtirilgan g‘allani yig‘ib olish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Qishloq xo‘jaligi vaziri A. Voitov bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar, belgilangan ishlarni samarali tashkil etish yuzasidan topshiriq, taklif va tavsiyalar berdi. Shuningdek, yig‘ilishda mutaxassislar tomonidan “Respublikada  avlodli urug‘liklar jamg‘arish bo‘yicha 2022 yil yakunlari va kelgusi yil  hosili uchun boshoqli don ekinlari urug‘chiligi istiqbollari”, “Respublikada ekilayotgan boshoqli don ekinlari navlari va ularni  hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib joylashtirish”, “Boshoqli don ekinlarining seleksiyasi va urug‘chiligining kelgusi  yillardagi asosiy yo‘nalishlari hamda bugungi kundagi ilmiy-tadqiqot ishlarining oldida turgan dolzarb vazifalar”, “Yangi yaratilayotgan va istiqbolli g‘alla navlarini Davlat nav sinash uchastkalariga topshirish va  sinov o‘tkazish tartiblari”, “Urug‘lik g‘alla maydonlarida dala aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish tartibi”, “Dala aprobatsiya ko‘rigida nazorat tizimini o‘rnatish”, “Urug‘lik donni qabul qilishdagi asosiy sifat ko‘rsatkichlari hamda urug‘likni saralash va dorilash jarayonlari”, “Urug‘lik g‘alla  maydonlarning navdorlik darajasini baholash hamda tayyorlangan  (qayta ishlangan) urug‘lik mahsulotlarni sertifikatlash” mavzularida ma’ruzalar o‘qildi.  

Ma’ruzalar bo‘yicha muzokaralarda so‘z olganlar tomonidan ma’ruzalar hamda mazkur yo‘nalishdagi ishlar sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.  

 

F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (foto),

O‘zA