Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Urug‘lik donning dorilanishi va saqlanishi nazoratda
12:32 / 2022-08-09

Sifatli urug‘lik don kelgusi yil mo‘l hosil olishda muhim. Ayni paytda 2023 yil g‘alla hosili uchun jamg‘arilgan urug‘liklarni qayta ishlash, sifatli, dorilangan va sertifikatlangan urug‘lik don tayyorlash ishlari boshlab yuborildi.

Hozirda “O‘zagroinspeksiya” Navoiy viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan mazkur yo‘nalishda nazorat tadbirlari olib borilmoqda.

Viloyatda 2023 yil hosili uchun 92 ta urug‘lik g‘alla yetishtiruvchi xo‘jaliklar tomonidan qabul maskanlariga 10 ming 244 tonna sara urug‘ yetkazib berildi. Jumladan, “Navoiydonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatining 1- va 2-urug‘lik tayyorlash sexlarida 9 ming 808 tonna hamda “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” davlat korxonasi tasarrufida tashkil qilingan “Navoiy Best Seeds” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 435 tonna urug‘lik don qabul qilindi. Hozirgi kunda “Navoiydonmahsulotlari” AJda donni saralab, tozalash va dorilash ishlari boshlangan.

Ma’lumki, urug‘lik mahsulotni aralashmalardan tozalash turli konstruksiyali urug‘lik tozalash mashinalarida amalga oshiriladi. Bunda don tozalash mashinalarini O’zDSt 2823 urug‘lik don standartining talablariga javob beruvchi va urug‘lik don shikastlanishiga yo‘l qo‘ymaydigan darajada ishlatish lozim.

Boshoqli don urug‘lari ekishga tayyorlashdan oldin kimyoviy preparatlar bilan dorilanadi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tavsiya etilgan urug‘ dorilagichlardan foydalaniladi.

bugungi kun holatiga 2 ming 684 tonna urug‘lik don standart talablari asosida tozalanib, dorilandi va qadoqlash ishlari amalga oshirildi.

– Dorilanayotgan urug‘lik tozalangan, saralangan, ekish sifat ko‘rsatkichlari amaldagi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talabi darajasida bo‘lishi kerak, – deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi bosh inspektori Asqar Mirzayev. – Boshoqli don urug‘larini purkab dorilash moslamalarining yaxshi va bir tekisda ishlashi ta’minlanishi zarur. Shuningdek, dorilangan boshoqli don urug‘lari qoplangandan keyin 7-10 kun muddatda omborlarda saqlanishi shart. Bundan tashqari, dorilangan boshoqli don urug‘lari qadoqlanayotgan qoplar kimyoviy vositalar o‘tkazmaydigan mustahkam, sifatli materiallardan tayyorlanishi, ortish va tushirish paytida chidamli bo‘lishi hamda qoplar og‘zini tikish ishlari mexanik ravishda amalga oshirilishi talab etiladi. Dorilangan urug‘lik don qoplariga “Zaharli modda bilan dorilangan” ogohlantiruvchi so‘zlari qizil rangda aniq aks ettirilgan holda yozilishi shart.

Qoplangan urug‘lik don GOST 14192 bo‘yicha belgilanadi va har bir qop ustiga yorliq yopishtiriladi.

“O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan urug‘lik sexlarida mazkur talablarga rioya etilishi ustidan doimiy monitoring tashkil etilgan. Urug‘lik donning sifatli tozalanishi, saralanishi va dorilanib qadoqlanishiga asosiy e’tibor qaratilgan. Shu bilan birga aniqlangan kamchiliklarni vaqtida bartaraf etish choralari ham ko‘rilmoqda.

A.Bo‘riyev, O‘zA