Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tomonidan jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.Ta’kidlandiki, g‘alla urug‘chiligi bo‘yicha 2026 yil hosili uchun 200 ming tonnadan ortiq urug‘lik don jamg‘arildi. “Agroplatforma” axborot tizimi orqali ochiq va shaffof tanlovlar tashkil etilib, inson omilisiz salkam 3 ming nafar qishloq xo‘jaligi sub’ekti tanlab olinib, ularga 80 ming gektarga yaqin maydon biriktirildi.
Urug‘lik ekin maydonlarida agrotexnik tadbirlar sifati, nav tozaligi va sertifikatlash mezonlari bo‘yicha monitoring ishlari olib borildi. Joriy yildan boshlab urug‘chilik tizimi raqamlashtirildi. “Ye-urug‘” yangi axborot tizimi orqali amalga oshirilgan aprobatsiya tadbirlari natijasida 261 ta sub’ektga tegishli 15.2 ming gektar maydonlar talabga javob bermaganligi sababli urug‘lik sifatida tan olinmadi va zaxiraga kiritilmadi. Ayni paytda 2613 ta sub’ektga tegishli 64.7 ming gektar maydonlar yaroqli deb topildi va ulardan urug‘lik don yig‘ib olish ishlari yakunlandi.
Hududlar kesimida olib qaralganda, eng ko‘p urug‘lik don yetishtirilgan maydonlar Farg‘ona (8178 ga), Toshkent (8001 ga), Qashqadaryo (8608ga), Samarqand (8599 ga) va Sirdaryo (7068 ga) viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu natijalar nafaqat urug‘chilik tizimidagi islohotlarning samarasi, balki qishloq xo‘jaligi sohasida raqamli texnologiyalarning joriy qilinishi orqali erishilgan natijalar sifatida qayd etilmoqda.
2025 yil paxta hosili uchun g‘o‘zaning 95 ta navi yetishtirildi va 2026 yil hosili uchun 16.7 ming tonna “tindirilgan urug‘lik” sifatida saqlanmoqda. Kelgusi yil hosili uchun 200 ming gektar maydonga ushbu urug‘lik ekish rejalashtirilmoqda.
Joriy yilda “Ye-urug‘”dasturi orqali 130ta tumanda 2026 nafar sub’ekt, ilmiy tadqiqot institutlari hamda xususiy urug‘chilik xo‘jaliklari tomonidan jami 81.8 ming gektar maydonda urug‘lik paxta yetishtirildi. Shundan mahalliy navlar 65.4 ming gektar (81.3 %) va xorijiy navlar 15 ming gektarni (18.7 %) tashkil etdi. Agar xorijdan keltirilgan urug‘lik o‘rtacha narxi 45-50 ming so‘mni tashkil etsa, ushbu xorij navining o‘zimizda tayyorlangani 12 000-18 000 ming so‘mga aylanmoqda.
- Xorijiy navlarni ikki xususiyati bor, - deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi rahbari Shuhrat Otajonov. – Ko‘sak qurtiga chidamli genlar bor. U faqat sovuqqonli hasharotlarga ta’sir qiladi. Ko‘sak qurti tishlasa nobud bo‘ladi. Ma’lumki, ko‘sak qurti katta maydonlarga zarar yetkazyapti va hosildorlikni yo‘qotyapmiz. Ikkinchi GT geni bor, ya’ni glifosatga chidamli gen. Bu navlar ekilsa o‘sha katta maydonlarda o‘t bosib ketishining oldini olsa bo‘ladi. Biz ana shu ikki genni o‘zimizning 58 ta mahalliy navlarga o‘tkazyapmiz. Kelgusi yildan hammamiz yaxshi ko‘radigan “Porloq”, “Ravnaq”, “Sulton” yoki “Andijon-35” kabi serhosil navlarimizga ushbu genlarni qo‘llab, xorijnikidan qolishmaydigan yangi navlarni ko‘paytirishni reja qilganmiz.
Aprobatsiya tadbirlari davomida urug‘lik paxta parvarishida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan 22.1 ming gektar maydon urug‘lik uchun yaroqsiz deb topilgan. Bugungi kunga qadar Respublikada jami 88.7 ming tonna urug‘lik paxta xomashyosi jamg‘arilgan. Shundan hosil qabuli dasturiga kiritilgan salkam 60 ming tonna chigit urug‘lik sifatida kiritilgan va uning 50.8 ming tonnasi mahalliy, 9.1 ming tonnasi xorijiy navlarni tashkil etadi. Jamg‘arilgan urug‘liklar zamonaviy saralash, dorilash va qadoqlash uskunalari (lazerli fotoseparator) bilan jihozlangan urug‘lik tayyorlash korxonalarida qayta ishlanadi. Joriy yildan dorilash jarayoniga biologik ishlov berish amaliyoti ham qo‘shildi.
Matbuot anjumanida shuningdek, meva-sabzavotchilik, sholichilik va poliz ekinlarining urug‘chiligida yo‘lga qo‘yilgan yangi mexanizmlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/kHKxS26w4HY" title="Urug‘chilik sohasida yaratilgan yangi navlar xorijnikidan ustun bo‘ladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov,Ulug‘bek To‘xtayev O‘zA