Urug‘chilik sohasida mutaxassislar Niderlandiyada malaka oshiradi
Urug‘chilikni rivojlantirish markazida Niderlandiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, Niderlandiya "Plantum" urug‘chilik kompaniyalari uyushmasining mutaxassislari hamda O‘zbekistonning Niderlandiyadagi elchixonasi vakili Bobur Rasulov ishtirokida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori Shuhrat Otajonov markaz faoliyati bilan qatnashchilarni tanishtirdi va iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda O‘zbekistonda urug‘chilikni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni bildirdi.

Shuningdek, shu yil noyabr oyida Niderlandiyaning sabzavotchilik yo‘nalishidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida, tizimdagi hududiy boshqarmalar mutaxassislarini Niderlandiyadagi yetakchi urug‘chilik kompaniyalarida malaka oshirishlariga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘quv rejasini ishlab chiqish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish va urug‘chilik sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA