G‘allachilik va paxtachilik inson hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, agar bug‘doydan tayyorlanadigan non va non mahsulotlari dunyoning barcha mintaqalarida yashovchi aholining asosiy oziq-ovqat manbasi hisoblansa, paxta inson hayoti va jamiyat taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan o‘simlik bo‘lib, ahamiyati jihatidan g‘alla, neft, gaz, oltin, metall qatoridagi mahsulot hisoblanadi.
Xo‘sh, ulardan mo‘l hosil olish, demakki, dehqonni boyitish, xalq ehtiyojini to‘liq qondirish nimalarga bog‘liq? Yuqori texnologiyadagi agrotexnik tadbirlar, tomchilatib sug‘orishni joriy etish, samarador o‘g‘itlarni qo‘llash va albatta sifatli urug‘larga bog‘liqdir.
Xalqimiz bejiz “Ekkaningni o‘rasan” demaydi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, afsuski yillar davomida hosil taqdirini belgilovchi eng muhim jihat – urug‘chilikka yetarli e’tibor berilmadi.
Mahsuldor urug‘lik tanlanmagani, sifatli tozalanmagani, yuqori unumdor kimyoviy moddalar bilan ishlov berilmaslik, zararkunandalardan zararsizlantirilmagani natijasida, paxta, bo‘g‘doy, makkajo‘xori, sholi, kartoshka ekinlaridan ko‘zlanganidan 20-30 foizgacha kam hosil olib kelindi.

Eng achinarlisi shundaki, bunga ob-havo, tabiat injiqligi tufayli deya bahona ko‘rsatildi, ammo aslida sifatsiz urug‘ masalasi muhokama qilinmadi.
Statistik ma’lumotlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, afsuski 2019 yilga qadar viloyatda ekish uchun deya yetishtirilgan urug‘lik bo‘g‘doy va urug‘lik chigit laboratoriya sinov tahlilidan o‘tkazilgan bo‘lsada, ularning barchasi, “davlat standartlariga muvofiq” deb topilib, sertifikatlangan.
Hayriyatki, davlat rahbarining tashabbusi va topshirig‘i bilan urug‘chilik, uning sifat nazorati tizimi tubdan o‘zgartirildi. Yangi tuzilma “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash Markazi” davlat muassasasi zimmasiga qishloq xo‘jaligi sohasida yetishtiriladigan paxta, don, urug‘lik va ularni qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlar sifatini baholash vazifasi yuklatilgan.

Jumladan, paxta xom ashyosidan olinadigan paxta tolasi, momig‘i, texnik chigit, don va don mahsulotlari, barcha turdagi qishloq xo‘jaligi ekin urug‘lari va ko‘chatlarni laboratoriya sinov tahlilidan o‘tkazib, ularning sifatini davlat standartlariga mosligini aniqlash orqali muvofiqlik sertifikatini berish masalasini hal qiladi.
Tarmoqning moddiy texnik imkoniyatlari mustahkamlanyapti.
–Jahon banki mablag‘lari hisobidan laboratoriyani modernizatsiya qilish loyihasi qabul qilindi, – deydi Markazning bosh mutaxassisi Axror Tillayev. – 200 ming dollarlik uskunalar olib kelingan. Hozir ularni o‘rnatish ishlari olib borilyapti.
- Paxta tolasidagi 14 ta sifat ko‘rsatkichlarini aniqlab beruvchi jihozlarda uning navi, sinfi, mikroneyeri, uzunligi aniqlanadi, – deydi laboratoriya mudiri Husniddin To‘rayev.
Markaz mutaxassislari endi har bir urug‘ namunasiga o‘ta talabchanlik bilan xolis yondoshmoqdalar.
- Mana bu chigitning namunasi. Unda xech qanday yozuv bo‘lmaydi. Birkalangan idishda olib kelinadi. U raqamlangan, shtrix kodlangan. Korrupsiyaning oldini olish maqsadida shunday qilingan. U kimniki, qanday nav, qayerdan keltirilgan, bularni mutaxassis bilmaydi va xolis tahlil o‘tkazib natijalar e’lon qilinadi. Shunday usul qat’iy bo‘lgani uchun eng yaroqli urug‘ ajratilib hosildorlik oshishiga sabab bo‘lyapti.

Afsuski, hali ham ayrim boniteti past maydonlarda, agrotexnikaga to‘liq rioya etmagan holda yetishtirilgan g‘allani “urug‘lik” deya tavsiflashga tavsiya qiladilar. Masalan,
–2024 yil hosili uchun 30 ming tonnadan ortiq urug‘lik g‘alla jamg‘arildi. Uni qayta ishlash, laboratoriyada o‘rganish natijasida 27 ming tonnasi urug‘likka loyiq deb topildi va sertifikat taqdim etildi, – deydi Axror Tillayev. –3 ming tonnasi urug‘lik sifat ko‘rsatkichlari talablariga javob bermagani uchun sertifikatlashtirilmadi va qaytarildi.
Bunday hol paxta urug‘chiligida ham uchrayotganini aytdi, bosh mutaxassis:
–2024 yil hosili uchun 8 ming tonna chigitni saralash, dorilash, qadoqlash ishlari amalga oshirildi. Ammo uning 4900 tonnasigina yaroqli deb topildi va ularga muvofiqlik sertifikati taqdim etildi. Qariyib 3 ming tonnaga yaqin urug‘lik chigit laboratoriya tahlillarida standart talablariga javob bermagani uchun qaytarildi.
Dehqonchilikda jumladan, urug‘likka bo‘lgan qat’iy talab natijalarini ushbu ko‘rsatkichlar ham namoyon etmoqda.

Agar Farg‘ona viloyatida 2017 yilda deyarli 130 ming gektar maydonga g‘alla ekilgan bo‘lsa, undan 581 ming tonna hosil olingan. Hosildorlik esa o‘rtacha 45 sentnerni tashkil etgan. 2023 yilga kelib esa 34 ming gektar kam maydondan 780 ming tonna g‘alla olinib, hosildorlik o‘rtacha 81,4 sentnerga yetkazildi.
Paxta hosildorligi ham qariyib 60 foizga oshdi. Ya’ni,
Viloyatda 2017 yilda 98 ming gektarda paxta yetishtirilib, 220 ming tonna hosil olindi. O‘rtacha hosildorlik bor-yo‘g‘i 22,4 sentner edi. 2023 yilda esa paxta maydoni 20 ming gektarga qisqardi, ammo 2017 yilga nisbatan 70 ming tonna ko‘p paxta yetishtirildi. Sababi – o‘rtacha hosildorlik 15 sentnerga ortib, 37,6 sentnerga yetganida edi.
Bu raqamlar hech qanday izoh talab etmaydi. Agar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash Markazi faoliyatiga e’tibor yanada kuchaytirilsa, moddiy texnik bazasi hamda jamoa malakali mutaxassislar bilan mustahkamlansa bundan ham yuqori natijalarga erishish mumkin bo‘ladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/AocJHrBmcaE" title="" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA