Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen Yevropa parlamentidagi chiqishida shunday dedi:
– G‘azoda bo‘layotgan voqealarni qabul qilib bo‘lmaydi. Bundan buyon Yevropa Komissiyasi Isroilga nisbatan keskinroq qarashini e’lon qiladi. Uning xulosasi Yevropa parlamentida olqish va kulgi bilan qarshi olindi.
Bu haqda “Politico” nashri yozdi.
Fon der Lyayen YeI ijro idorasi “ekstremist kayfiyatidagi vazirlar”ga qarshi sanksiya joriy qilishi, Isroilga ikki tomonlama to‘lov to‘xtatilishini ma’lum qildi. Eslasak, Ursula xonim Yevrokomissiya raisligiga saylangan dastlabki davrida ekologiyaga oid muammolarni bartaraf etish, saraton kabi xavfli kasalliklarning oldini olish rejasi bilan tilga tushgandi. Faoliyati davomida u yo‘lini o‘zgartirib, kuchini ko‘hna qit’aning geosiyosiy vaznini oshirish uchun mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlashga sarflay boshladi. Bu ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi va hatto, uni ikkiyuzlamachilikda ham ayblashdi.
Kuni kecha Fon der Lyayen yana fikrini o‘zgartirib, Isroilni qo‘llab-quvvatlash to‘xtatilishini bildirdi. Ehtimol aynan shu o‘zgaruvchanlik parlamentdagilar olqishi bilan birga, kulgisiga ham sabab bo‘lgandir? Shuni ham ta’kidlash joiz, Yevrokomissiya YeI va Isroil o‘rtasidagi Assotsiatsiya to‘g‘risidagi bitim rasmiylashtirilishini qisman to‘xtatib turishni taklif qilmoqda.Eng muhimi, Fon der Lyayen hukumatlar o‘rtasidagi kelishmovchilik YeIning tadqiqotlarni moliyalashtirish kabi ishlariga to‘sqinlik qilganini tan oldi va bu jamoatchilikda norozilikni kuchaytirayotganiga urg‘u berdi.
– Isroilni ikki tomonlama qo‘llab-quvvatlash to‘xtatiladi, – dedi u. – Faqat bu Yad va Shem, Xolokost muzeyi hamda Isroil fuqarolik jamiyati uchun ajratiladigan zaxiraga ta’sir qilmaydi. G‘azoda yuzaga kelgan ochlikni tugatish insonparvarlik nuqtai nazaridan zarur.
Ma’lumki, YeI Isroilning asosiy savdo hamkori hisoblanadi. Shu sababli, har qanday ehtimoliy sheriklikni to‘xtatish mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. YeI Isroilga asbob-uskuna, transport vositalari, kimyoviy modda va boshqa sanoat mahsulotlari jo‘natadi. 2024 yil ayni miqdor qiymati 26,7 milliard yevroga yetgan. Fon der Lyayenning chiqishidan avvalgi siyosiy muzokara payti asosiy fraksiyalar umumiy yondashuvni kelisha olmadi. Shunday bo‘lishi kutilgandi. Sababi, bu fraksiya a’zolari orasida Isroilga qurol yetkazib berayotgan mamlakatlar vakillari ham bor.
Fon der Lyayen taklif qilayotgan Isroil bilan Assotsiatsiya to‘g‘risidagi bitimning savdo qismi to‘xtatilishi nimani anglatadi? Bu bugungi kunda fuqarolik jamiyati va ayrim a’zo davlatlar talab qilib kelayotgan qurol-yarog‘ eksportiga embargo yoki maxsus sanksiya emas, balki boj tiklanishini anglatadi, xolos. Shuningdek, ushbu choralarni amalga oshirish uchun YeIda zarur ko‘pchilik ovozini to‘plash oson kechmaydi. Bitimni qayta ko‘rib chiqish uchun ko‘p davlatlar ovoz bergan bo‘lsa-da, hamma savdo qismi to‘xtatilishini qo‘llab-quvvatlashi kafolatlanmagan.Bu gal ham muhim a’zo davlatlar, jumladan Italiya va Germaniya ushbu chorani ma’qullashi lozim. Qolaversa, Isroilning yaqin ittifoqchilari – Vengriya, Chexiya, Avstriya va Polsha o‘z qarashini o‘zgartirishi ehtimoli kam.
Nahotki, Yevrokomissiya rahbarining bayonoti amalga oshmaydigan, shunchaki gap?
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/AKPBsTXvDiY?si=Ap93ecA_wF1PH9VF" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA