Tojikiston Hukumati tomonidan Urgut tumanida bunyod etilgan 640 o‘rinli umumta’lim maktabi foydalanishga topshirildi.
Muassasa Tojikiston Respublikasida rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon tomonidan onlayn tartibda ochib berildi.
Shundan so‘ng Tojikiston Respublikasi ta’lim va fan vaziri Muhammadyusuf Imomzoda boshchiligidagi delegatsiya vakillari O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va boshqa mutasaddilar hamrohligida maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi va maktab o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan bayram tadbirida ishtirok etishdi.
[gallery-2737]
Tadbirda so‘zga chiqqan Sherzod Shermatov va Muhammadyusuf Imomzoda maktabda ta’lim-tarbiya uchun zamon talablari darajasida sharoitlar yaratilganligini e’tirof etib, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarib, do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlashdi.
Qayd etish joizki, Urgut tumanidagi yangi 154-maktab o‘quv binosi 26 sinfxonadan iborat bo‘lib, 50 o‘rinli kutubxona, 36 o‘rinli elektron kutubxona, 326 o‘rinli faollar zaliga ega. Shuningdek, 18x30 m o‘lchamli sport zal, 60X90 m futbol maydoni, 204 o‘rinli oshxona ham o‘g‘il-qizlar ixtiyorida. Yangi ilm maskanida mana shunday zamonaviy sharoitlarni yaratish uchun 30 million somoniy (taxminan 30 milliard so‘m) mablag‘ sarflandi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA