Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 5-fevral kuni sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirishga doir videoselektor yig‘ilishida har bir tumanda kinozali, kutubxonasi va to‘garak xonalari bo‘lgan madaniyat markazi barpo etish, hududlarda madaniy tadbirlar o‘tkazish va yoshlarni san’atga jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berilgandi.
Mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan ayni paytda joylarda amaliy ishlar boshlandi. Urgut tumanida esa ilk ana shunday markaz foydalanishga topshirildi.


Tumanning Quyi Algar mahallasida joylashgan 76-son “Do‘stlik” madaniyat markazi zamon talablari darajasida kapital ta’mirlanib, qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratildi.

Jumladan, 13 ta sinf xonasi, konsert zali zarur jihozlar, musiqa asboblari bilan ta’minlandi. Ayni paytda markazda mahallaning 130 nafar o‘g‘il-qizi musiqa va san’at to‘garaklari mashg‘ulotlarida qatnashmoqda.
Markazning ochilish marosimida ishtirok etgan tuman faollari va mas’ullari mazkur madaniyat maskani hudud aholisi, jumladan, yoshlar o‘rtasida madaniyat va san’atni keng targ‘ib etish, iste’dodli yigit-qizlarni tarbiyalashga xizmat qilishini ta’kidladi.

– Bu markaz nafaqat Urgut, balki viloyatimizning olis mahallalarida tashkil etilgan ilk madaniyat maskanlaridan biri bo‘ldi, – dedi marosimda ishtirok etgan Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov. – Yil yakuniga qadar boshqa tumanlarda ham shunday madaniyat markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri