Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Urgutda qishga qanday tayyorgarlik ko‘rildi?
12:27 / 2025-12-15

Prezident tashrifidan so‘ng

Davlatimiz rahbari yaqinda Urgutga tashrifi davomida mas’ullarga tuman aholisining turmush darajasini yaxshilash, infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni qisqa fursatlarda bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar bergan edi. Ushbu vazifalar ijrosi ta’minlanyaptimi? Hududlarni sovuq kunlarga tayyorlash borasidagi amaliy ishlardan aholi rozimi? Rahbarlar mavsumni betalafot o‘tkazish mas’uliyatini his qilyaptimi?

Tuman hokimligida o‘tkazilgan muhokamada mas’ullardan ana shu savollarga javob so‘raldi.  

Vazirlar Mahkamasi va viloyat hokimining tegishli qarorlari asosida tumanda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni betalofat o‘tkazish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilanib, ijtimoiy soha ob’ektlarining uzluksiz faoliyatini ta’minlash, aholiga ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlar sifatini oshirish hamda turli noxush holatlarning oldini olish uchun zarur yumushlar bajarilgani qayd etildi.  

Jumladan, mavsum uchun aholiga 62 ming 907 tonna ko‘mir tarqatish rejalashtirilib, fuqarolarning buyurtmalari “my.coal” platformasi orqali qabul qilinmoqda. Jarayon mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan muvofiqlashtirib borilmoqda. Shu paytgacha aholiga tumandagi Jarqishloq va Bunyodkor mahallalarida tashkil etilgan ko‘mir omborxonalari hamda Samarqand shahridagi “Zarafshon” stansiyasi orqali 51 ming 255 tonna ko‘mir imtiyozli narxlarda yetkazib berilgan.

Ijtimoiy soha ob’ektlariga esa 11763 tonna ko‘mir ajratilishi belgilanib, yoz oylaridayoq maktabgacha va maktab ta’limi muassasalariga 9041 tonna, sog‘liqni saqlash ob’ektlariga 2186 tonna, madaniyat bo‘limiga 50 tonna, sport bo‘limiga 25 tonna, texnikum va oliy ta’lim tashkilotlariga 461 tonna ko‘mir tarqatilgan.

Bundan tashqari, umumta’lim maktablari va bog‘chalarni mavsumga tayyorlash maqsadida 1,6 milliard so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 10 ta maktabning isitish tizimi butunlay yangidan ta’mirlandi. Bundan tashqari, 90 ta maktabga isitish qozonlari o‘rnatildi.

Tumandagi tibbiyot muassasalarida ham mavsum oldidan 642 million so‘mlik ta’mirlash ishlari bajarilib, 20 ta muassasaning tom qismi ta’mirlanadi, 1 ta qozonxona yangilanadi, 13 ta muassasaning issiqlik tizimi rekonstruksiya qilingan.

Bugungi kunda tuman aholisi “Urgut” va “Dehqonobod” elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan elektr energiyasi bilan ta’minlanmoqda. Yil davomida joylarda 65 ta yangi transformator, 1429 ta temir-beton ustun o‘rnatildi, 97,6 kilometr yangi havo tarmog‘i tortildi. 124 ta transformator va 258 kilometr tarmoq ta’mirlandi. Shu bilan birga yil boshidan buyon 268 ta ob’ektda 7326,3 kVt quyosh panellari o‘rnatildi. Ammo ayni paytda mahallalarda elektr ta’minotida uzilish, transformatorlarning ortiq yuklama bilan ishlashi va buning oqibatida avariyalar kuzatilmoqda. Muhokama davomida mazkur holatlar yuzasidan mas’ullardan izoh so‘raldi. Yuzaga kelayotgan avariya holatlarini tezkor bartaraf etish bo‘yicha tuman shtabi va ishchi guruh mas’uliyatini oshirish, aholini tabiiy gaz va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda tumandagi 6031 xonadon va 157 ta ulgurji iste’molchi tabiiy gaz bilan ta’minlangan (7,3 foiz). Qolgan aholi (92,7 foiz) maishiy gaz ballonlaridan foydalanadi. Aholiga 45 kunlik muddatda gaz ballonlari yetkazib berilmoqda.

Muhokamada, shuningdek, tumandagi 90 ta ko‘p qavatli uyda elektr, gaz va suv ta’minoti uzluksizligini ta’minlash, ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini oshirish eng muhim vazifalardan biri ekani qayd etilib, bu borada mutasaddilar va boshqaruv servis kompaniyalari rahbarlarining vazifalari belgilab berildi.  

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri