Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Urgut tumanining 112 ming gektar maydoni bor, shundan 12 ming gektari sug‘oriladigan, 40 ming gektari yaylov va 22 ming gektari tog‘ hududlarini tashkil qiladi.
Bu yildan 2 ming gektar g‘alla yerlari, 3,5 ming gektar tamaki yerlari meva-sabzavot ekishga o‘tkazilmoqda. Yangi qo‘shilayotgan 5,5 ming gektarda yuqori daromad beradigan eksportbop mahsulotlar yetishtirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, g‘alla va tamakidan bo‘shagan yerlarning 3 ming gektarida oq kishmish ekilib, mayiz qilinsa, tumanda qo‘shimcha 80 million dollarlik eksport bo‘ladi.
Shuningdek, Urgut tumanidagi 500 gektar tog‘-oldi va yaylovda sanoatlashgan uzumzor tashkil etib, 10 gektardan aholiga bo‘lib berish tashabbusi bildirilgan. Ishtixon tumanida ham kelasi yil 2 ming gektar qir-adirda bunday uzumzorlar tashkil qilinadi.
Ushbu yerlarga suv olib chiqish maqsadida 50 ta artizan qudug‘i qazish, 15-20 kilovattli quyosh paneli o‘rnatish xarajatlari uchun 30 milliard so‘m arzon resurs beriladi.
O‘zA