Kelgusi hafta boshida havo harorati keskin sovib ketishi kutilmoqda. Bu borada Samarqand viloyatidagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bojxona xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘rganishlar olib borilmoqda.
Xususan, viloyat hududidagi barcha ijtimoiy soha ob’ektlari o‘rganilib, mavjud muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilmoqda. Urgut tumanidagi Markaziy poliklinika isitish tizimi tahlil qilinganda, belgilangan talablarga javob bermasligi va ta’mirga muhtojligi aniqlandi.
Shundan so‘ng qisqa fursatlarda poliklinikaning isitish tizimini yangilash ishlari boshlab yuborildi. Shuningdek, ushbu hududga transformator olib kelinib, tarmoqqa ulash choralari ko‘rildi. “Chag‘zmon” mahallasida esa har yili kuz-qish mavsumida elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelardi. Aholi murojaatlari inobatga olinib, qisqa fursatda mazkur hududga 220 ta beton ustunlari, sip simlari va 250 kV (kilovatt) lik transformator olib kelindi va tezkorlik bilan tarmoqqa ulandi.
Ishchi guruhi tomonidan Urgut tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, tumandagi 7-sonli hamda 54-sonli maktabgacha ta’lim muassasalaridagi mavjud muammolar ham qisqa muddatlarda bartaraf etilib, ushbu inshootlarda isitish tizimlarini o‘rnatish ishlari amalga oshirildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sJH00WD_2VU" title="Urgut tumanida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik o‘rganildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Shuningdek, tumandagi 83-maktab qozonxonalari faoliyati o‘rganilganda, bu yerdagi isitish tizimi ham ta’mirtalab holga kelib qolganligi ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng, ishchi guruh tashabbusi bilan maktabga yangi zamonaviy qozonxonalar o‘rnatilib, foydalanishga topshirildi. Ushbu tumanning “Choshtepa” mahallasida esa ishchi guruh tashabbusi bilan hudud markazidan o‘tuvchi jami 2 ming 800 kvadrat metr yo‘lga asfalt qoplamasi yotqizildi. Bu esa tumanning olis tog‘li hududidan tuman markaziga qatnovchi aholiga qish oldidan yana bir qulaylik bo‘ldi.
Respublikamizning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlar eng avvalo yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotganidan dalolatdir.
Sanjar Toshpo‘latov,
Doniyor Yoqubov (video), O‘zA