Urgut tumani markazidagi 24 ta mahallada 100 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Bu – ba’zi bir shaharlar aholisidan ko‘p.
Hududdagi aholi uy-joy, kanalizatsiya, ichimlik suvi, maktab, bog‘cha, shifoxona, biznes infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar yechimini anchadan beri kutayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shuning uchun Prezidentimiz Urgut markaziga “Yangi O‘zbekiston” qiyofasini olib kirib, yurtimizdagi eng zamonaviy va ko‘rkam shaharlardan biriga aylantirish bo‘yicha alohida qarorni imzoladi.
Tumanning Quyi Kamangaron mahallasidagi “Yangi O‘zbekiston” massiviga tutash hududdan 90 gektar qo‘shimcha joy ajratib, zamonaviy urbanistika asosida 100 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy eko-shahar barpo etilishi e’lon qilindi.
Yangi shaharda yo‘l, suv, kanalizatsiya, elektr, maktab, bog‘cha, shifoxona va boshqa infratuzilma ob’ektlarini qurish, tadbirkorlik loyihalari uchun 50 million dollar ajratiladi.
Yangi shaharning 3 gektar maydonida tumanning 35 ta tashkiloti uchun yagona ma’muriy markaz qurib beriladi. Ularning bo‘shagan binolari esa biznes uchun xususiy sektorga taklif qilinadi.
Prezidentimiz yirik sanoat korxonalarining o‘z ishchilari uchun korporativ buyurtma asosida bunday uylarni sotib olish bo‘yicha tashabbuslarini ma’qulladi.
Keyingi yildan bunday korxonalarni rag‘batlantiradigan mexanizmlar joriy qilinadi va butun respublikaga tatbiq etiladi.
O‘zA