Samarqandda o‘tkazilayotgan press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari "Urgut" erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
2017 yilda tashkil etilgan iqtisodiy zonada umumiy qiymati 602,2 million AQSH dollari miqdoridagi 96 ta loyihani amalga oshirish ustida ish olib borilmoqda.
Shu paytgacha umumiy qiymati 286,3 million dollar bo‘lgan 60 ta loyiha ishga tushirilgan bo‘lib, 4700 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Joriy yilning 11 oy davomida iqtisodiy zona korxonalari tomonidan 2 trillion 20 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 57 million dollar miqdorida eksport amalga oshirildi.
Shu yilning ikkinchi choragida ishga tushirilgan “ELITE-ELEKTRO-GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yiliga 60 ming dona yarimavtomat kir yuvish mashinalari hamda alkogolsiz ichimliklar uchun 12 mingta muzlatkich ishlab chiqarish quvvatiga ega. Hozirda korxonada 50 nafardan ortiq ish o‘rni yaratilgan.
Press-tur ishtirokchilari “NUR SAM QUR” korxonasida tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish jarayoniga guvoh bo‘ldi. Korxona mas’ullarining ma’lum qilishicha, yil boshidan buyon 16 milliard 200 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, uning 70 foizi eksportga yo‘naltirildi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA