Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Urganchda zamonaviy san’at namoyishi
20:55 / 2025-10-09

Urganch shahridagi O‘zbekiston zamonaviy san’at muzeyida "Ustoz saboqlari" badiiy ko‘rgazmasi ochildi.

Unda mamlakatimizda zamonaviy san’at sohasida samarali ijod bilan bir qatorda yoshlarga murabbiylik qilayotgan to‘rt nafar rassom  Shoira Hasanova,  Dilshod Azizov, Madina Aripova,  Malikabonuning eng sara asarlari namoyish etilmoqda.

Ushbu ijodkorlarning asarlari nafaqat ranglar uyg‘unligi, balki ruhiyat va tabiatning jilosi, ekologik muammolar ham ko‘zga tashlanishi bilan alohida e’tirofga loyiq.

Xususan, yangi texnologiyalar, imkoniyat va zamonaviy usullarda yaratilgan asarlarda tabiatning go‘zalligi, inson va muhit uyg‘unligi mualliflar tomonidan yuksak mahorat bilan ifoda etilgan.

[gallery-25667]

--Ko‘rgazmada yangi texnologiyalar va an’anaviy ruh uyg‘unligi mujassam. Chunki, bu yerda nafaqat rang- tasvir, grafik asarlarni,  balki zamonaviy kompyuter texnologiyalari, maxsus dasturlar va sun’iy intellekt yordamida yaratilgan san’at asarlarini ko‘rishingiz mumkin,--deydi muzey direktori Shirin Tosheva. – Ko‘rgazmamizda  interaktiv, performancye, instalyatsiya, immersiya kabi zamonaviy san’at turlari bilan ham tanishasiz. Mazkur ko‘rgazma 2026 yilning aprel oyigacha davom etadi. 

Badiy ko‘rgazmadan joy olgan "Bolalikka qaytish", "Kuzgi natyurmort", "Sharq ertaklari", "Mening etyudlarim", "Yozgi gullar natyurmorti", "Mening uyim" kabi turkum asarlar san’at ixlosmandlarida katta taassurot qoldirmoqda. 

Ta’kidlash lozim, "Ustoz saboqlari" kabi ko‘rgazmalar orqali  yurtimizda ustoz-shogird an’anasi yanada boyib, yangi ilhom va ijodiy ruhga turtki bo‘lishi aniq.

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston zamonaviy san’ati muzeyi (CAMUZ) Xorazm va butun mamlakatimizning boy madaniy merosini o‘zida mujassam etgan. Bu yerda rangtasvir, haykaltaroshlik asarlari, fotosuratlar, amaliy san’at buyumlarini o‘z ichiga olgan 3000 dan ortiq eksponatdan iborat noyob to‘plam jamlangan. 

Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat, video), O‘zA muxbirlari