Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Urganchda tarixiy voqea – faxriylar voleybol o‘ynashdi
21:04 / 2021-05-25

Sportning ko‘plab turlari bo‘yicha faxriylar o‘rtasida rasmiy-norasmiy turnirlar tashkil etish odatga aylangan. Ko‘z o‘ngimizda birinchi bo‘lib ayniqsa futbol bo‘yicha faxriylar musobaqalari gavdalanadi. Boshqa sport o‘yinlaridan esa... Mana, endi voleybolchi faxriylarimiz ham paydo bo‘ldi.

Urganch shahrida voleybol bo‘yicha erkak faxriylar o‘rtasida tarixiy voqea sodir bo‘ldi – birinchi marotaba O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi. Musobaqada jami yettita jamoa o‘zaro bahs yuritdi.

«A» guruhida Andijon viloyati faxriylari barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonib, guruh g‘olibi sifatida yarim finalga yo‘l olgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi faxriylari ikki g‘alaba va bir mag‘lubiyat bilan ikkinchi bo‘lishdi.

«B» guruhida esa farg‘onaliklar yuz foizlik natija qayd etishdi, Namangan viloyati faxriylari buxoroliklardan ustun kelib, navbatdagi bosqichga chiqishdi.

Yarim finalda vodiy jamoalari ro‘baro‘ kelishdi. Unda andijonliklar namanganliklarni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratishdi. Ikkinchi yarim finalda qoraqalpog‘istonliklar farg‘onaliklardan ustun kelishdi - 2:0.

Hal qiluvchi o‘yinda esa eski raqiblar bir-biriga duch keldi. Guruh o‘yinida andijonliklar qoraqalpog‘istonlik raqiblarini qay tariqa mag‘lub etishgan bo‘lsa, finalda ham tashabbusni o‘z qo‘llariga olishdi va raqiblarini 25:10, 25:11 hisoblarida yengishning uddasidan chiqishdi.

Shu tariqa ilk bor tashkil etilgan mamlakat chempionatining oltin medali Andijon viloyati jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, kumush medal bilan Qoraqalpog‘iston, bronza medali bilan esa Namangan viloyati jamoalari taqdirlandi.

Oybek YUNUSOV, O‘zA