Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Urganchda saylov qonunchiligi bo‘yicha seminar-trening boshlandi
20:54 / 2021-05-17

Joriy yilda mamlakatimiz va xalqimiz hayotida katta siyosiy voqea – Prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi.

Bu muhim siyosiy kompaniyada siyosiy partiyalar va OAV, fuqarolarning faolligi saylovlarni umum e’tirof etilgan xalqaro standartlar, prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora o‘tkazilishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

 

Saylov jarayonlarini qonunchilikka mos tarzda uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun uchastka saylov komissiyasi a’zolari hamda saylov jarayonida ishtirok etuvchilarning bilimi va ko‘nikmasi yuqori darajada bo‘lishi talab etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan saylov komissiyasi a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasiga asosan, Xorazm viloyati Urganch shahrida hududiy trenerlar hamda saylov jarayonining boshqa ishtirokchilari uchun seminar-trening tashkil qilindi. Tadbirda viloyat hokimi F.Ermanov va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari A.Ikramov so‘zga chiqdi.

O‘quv mashg‘ulotlarida Markaziy saylov komissiyasi vakillari, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universitetining professor-o‘qituvchilari, sektorlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etayapti.

Seminar-trening hududiy trenerlar va o‘quvlarni tashkil etish, muvofiqlashtirishga jalb qilingan hududiy mas’ullar uchun mo‘ljallangan. Keyingi bosqichda ushbu hududiy trenerlar tuman va shaharlarda uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga nomzodlar uchun seminar-treninglar o‘tkazadi.

Ahamiyatli tarafi shundaki, mamlakatimiz bo‘yicha 33 ming kishilik kontingentni saylov kuniga qadar kamida 3 marta o‘qitish rejalashtirilgan bo‘lib, har birining yakuni bo‘yicha onlayn test topshiriladi va natijalari tahlil qilinib, navbatdagi mashg‘ulotlarga qadar mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rib boriladi.

Bundan tashqari, shuni alohida ta’kidlash kerakki, respublika va hududiy trenerlar tomonidan yuqorida qayd etilgan asosiy kontingentdan tashqari 9 ming nafardan ortiq mahalla fuqarolar yig‘inlari raisi, 9 ming nafardan ortiq profilaktika inspektori, 54 ming nafardan ziyod siyosiy partiyalar kuzatuvchisi uchun ham turli shakllarda malaka oshirish kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bunda o‘quvlarning umumiy qamrovi 240 ming nafardan ortiq kontingentni tashkil etishi ko‘zda tutilgan.

Yana bir jihat, o‘quv dasturining har bir mavzusi bo‘yicha 15-20 daqiqalik videodarslar tayyorlandi va o‘quv jarayonida foydalanish uchun hududiy trenerlarga taqdim etildi. Shuningdek, saylov jarayonining asosiy bosqichlari videoroliklar ko‘rinishida ifoda etiladi va o‘quv jarayoni ishtirokchilariga yetkaziladi. Keyinchalik mazkur videoroliklar ommaviy axborot vositalari, internet va boshqa ommaviy axborot kanallari orqali saylov jarayoni ishtirokchilari foydalanishlari uchun yetkazilishi mo‘ljallanmoqda.

Yana bir yangilik bu – aholining keng qatlami va mutaxassislar foydalanishlari mumkin bo‘lgan “Saylov – 2021” mobil ilovasini yaratish ustida ish olib borilmoqda. Mazkur ilovada ham ma’ruza matnlari, taqdimotlar, infografikalar, tegishli qonunchilik hujjatlari, bilimni mustahkamlashga oid topshiriqlar, videoroliklar kabi o‘quv materiallar joylashtiriladi. Ushbu ma’lumotlar onlayn rejimda yangilanib boriladi. Mazkur ilovaning ishga tushirilishi saylov jarayoni ishtirokchilari bo‘lgan barcha aholi qatlamlarining saylovga oid bilimlarini mustahkamlashga ko‘maklashadi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA