Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi hamda Markaziy Osiyo chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekistonning 200 nafardan ortiq sportchilari g‘oliblik uchun qizg‘in kurashlarda ishtirok etmoqda.
Chempionatning kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogi bahslarida medallar jamg‘arishda Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi og‘ir atletikachilari yetakchilik qilmoqda.

Yoshlar o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogi musobaqalarida Navoiy, Xorazm, Samarqand, Toshkent viloyatlari jamoalari medallar jamg‘arishda ustunlikni saqlab turibdi.

Markaziy Osiyo chempionatining ilk kunida erkaklar o‘rtasida -73 kg vazn toifasidagi bahslarda turkiyalik Chengiz Demirel dast ko‘tarishda 121 kg, siltab ko‘tarishda 155 kg va ikki kurash natijasiga ko‘ra, 276 kilogramm toshni bo‘ysundirib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Turkmanistonlik Muhammad Rejepov ikkinchi o‘rinni, qozog‘istonlik Nursultan Nurkasiyev uchinchi o‘rinni egalladi.


Har bir vazn toifasidagi bahslar yuqori darajadagi raqobat va keskin kurashlarga boy bo‘lib, tomoshabinlarga unutilmas lahzalarni taqdim etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, musobaqalar 12 sentyabrga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA