Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Urganchda Al-Xorazmiy, Toshkentda Botir Zokirov haykali o‘rnatiladi
11:54 / 2021-10-13

Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi rahbariyati ishtirokida tasviriy va amaliy san’at, dizayn yo‘nalishini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi rahbariyati 2021 yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Jamiyatimizda kechayotgan ulkan ma’rifiy islohotlar jarayonida milliy tasviriy va amaliy san’atimizni yuksaltirish va mustahkamlash masalalariga ham katta e’tibor qaratilayotgani e’tirof etildi.

Matbuot anjumanida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi o‘rinbosari Farhod Toshmuhammedov joriy yilda Urganchda Al-Xorazmiyga, Toshkentda Botir Zokirov yashab o‘tgan xonadonga san’atkor haykali o‘rnatilishini ma’lum qildi.

Qayd qilinganidek, 2021 yil davomida o‘zbek tasviriy san’ati, madaniyati, adabiyoti yetuk vakillari xotirasini abadiylashtirish maqsadida 15 ta barelef, 3 ta haykal, 1 ta landshaft dizayni va bog‘ me’morchiligi bo‘yicha haykaltaroshlik loyihalari yaratildi.

Milliy amaliy san’atimizni keng jamoatchilikka tanitish uchun “O‘zbekiston amaliy san’ati” katalogi o‘zbek, rus va ingliz tillarda 1000 nusxada nashr etildi.

2021 yilda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi qutlug‘ sana – Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan muassasa va tashkilotlar bilan hamkorlikda mustaqillikning mazmun-mohiyati va tarixiy ahamiyatini aks ettiradigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, festival va an’anaviy ko‘rgazmalar, ijodiy loyihalar o‘tkazgan.

Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’ati taraqqiyotiga hissa qo‘shgan faol ijodkorlar, soha vakillari rag‘batlantirildi. Jumladan, 6 nafar xodim “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni, 1 nafari “O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi” faxriy unvoni, 1 nafari “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, 1 nafari “Shuhrat” medali, 1 nafari «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni, 3 nafari “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangan.

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

D. Mamatova, O‘zA