FOTOREPORTAJ
Xorazm viloyati Urganch shahrida joylashgan Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy akademik litseyida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning harbiy akademik litsey va maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi matematika fani bo‘yicha xalqaro olimpiadasi o‘tkazildi.
Xalqaro olimpiadada mamlakatimiz hamda Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlaridan o‘quvchilar qatnashdi.
An’anaviy xalqaro olimpiadada yurtimiz sha’nini bu yil Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy akademik litsey hamda Farg‘onadagi “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi jamoalari munosib himoya qildi.
Olimpiada MDHga a’zo davlatlarning harbiy akademik litsey va maktablarining 8-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilib, har bir yo‘nalishda 8 nafar ishtirokchidan tashkil topgan jamoalar shakllantirildi.
[gallery-16917]
Xalqaro olimpiada reglamentiga ko‘ra, ishtirokchilar 4 akademik soat davomida auditoriyaga biriktirilgan mas’ullar nazorati ostida birin-ketin topshiriqlarni bajardi. Jami 6 savoldan iborat matematik misol va masalalarni o‘quvchilar o‘z bilim va salohiyatiga tayangan holda yechdi.
MDHga a’zo mamlakatlar mudofaa idoralarining kelishuviga muvofiq, harbiy litseylar o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan fan olimpiadalari eng sara o‘quvchilarni aniqlash va rag‘batlantirish, harbiy ta’lim sohasida o‘zaro tajriba almashish hamda o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillarining raqobatbardosh, intellektual salohiyatli bo‘lib voyaga yetishini ta’minlashga yo‘naltirilgan.
Xalqaro olimpiadaning 10-sinflar o‘rtasidagi yakkalik bahslari natijalariga ko‘ra, Farg‘ona “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyining 1-bosqich o‘quvchisi Fayziddin Yaxshiboyev faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Sankt-Peterburg Suvorov harbiy bilim yurti o‘quvchilari Dmitriy Stafeev va Kirill Zverevga nasib etdi. 11-sinflar o‘rtasida esa Sankt-Peterburg Suvorov harbiy bilim yurti o‘quvchilari Ivan Seliverstov birinchi, Andrey Kuzmin uchinchi o‘rinni olgan bo‘lsa, Farg‘ona “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyining o‘quvchisi Yoqutbek Bahodirov ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. 8-9-sinflar o‘rtasida to‘plangan ballar yig‘indisiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi vakillari eng yuqori pog‘onani egalladi. Belaruslik o‘quvchilar ikkinchi o‘ringa munosib deb topildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida Belarus Respublikasi o‘quvchilari uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mamlakatimizning Farg‘ona “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi jamoasi ikkinchi va Rossiya Federatsiyasidan kelgan o‘quvchilar birinchi o‘rinni egalladi.
Tantanali taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Harbiy kadrlar tayyorlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i polkovnik Ulug‘bek Ahmedov, Urganch davlat universiteti rektori Bahrom Abdullayev, Sankt-Peterburg Suvorov harbiy bilim yurti, Minsk Suvorov harbiy bilim yurti, Qirg‘iz milliy harbiy litseyi delegatsiyalari vakillari mazkur olimpiada mamlakatlararo harbiy hamkorlik va o‘zaro do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
G‘olib va sovrindorlarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2023-yilda el-yurt istiqloli uchun kurashgan, bunga o‘z hayotini bag‘ishlagan ajdodimiz nomini ulug‘lash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida yangidan bunyod etilgan ushbu ta’lim maskanida olimpiada dasturi doirasida o‘quvchilar o‘rtasida sport musobaqalari, Urganch bo‘ylab ekskursiya, Xiva shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat, “Zakovat” intellektual o‘yini hamda madaniy tadbirlar tashkil etildi.
O‘zbekiston tarixi va buguni haqidagi hujjatli film, YUNESKOning madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan “Ichan qal’a”dagi me’moriy yodgorliklar xorijlik o‘quvchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Behzodbek SAIDOV(surat),O‘zA