Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Urganch" tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti yangi binoda ish boshladi
12:23 / 2023-05-28

Bojxona tizimini isloh etish, bojxona organlari faoliyatini yanada takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish, "raqamli bojxona"ni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Buni Xorazm viloyati Urganch tumanidagi “Bog’i Eram Xorazm” logistika markazida ish boshlagan zamonaviy ma’muriy bino va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlangan bojxona posti misolida ham ko‘rish mumkin.

Tadbirda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari, bojxona faxriylari, jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari, blogerlar va keng jamoatchilik vakillari hamda bojxona xodimlari ishtirok etdi.  Dastlab, "Urganch" tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti yangi binosi hamda logistika markazida joylashgan bojxona omborlari va bojxona xodimlari uchun bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish, tadbirkorlik sub’ektlari va haydovchilar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil qilindi.

Ayni paytda tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari 24 soatlik ish rejimida tovarlarni qisqa vaqtda eksportga rasmiylashtirib, “Bojxonachi — tadbirkor tayanchi” shiori ostida tadbirkorlik sub’ektlariga amaliy ko‘mak bermoqda.

“Urganch” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan o‘tgan yili 1 milliard 161 million 800 ming dollarlik qariyb, 782 ming tonna eksport-import tovarlarining bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilgan. Shuningdek, avvalgi manzilda joylashgan postda kuniga 20-30 tagacha yuk avtotransportlarini qabul qilish imkoni yaratilgan bo‘lsa, yangi manzildagi postda kuniga 80-100 tagacha yuk avtomobillarini qabul qilish imkoni bor.  

“Urganch” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari yuk avtotransportida tashiladigan tovarlarni bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazishadi. Postda davlat bojxona xizmati organlari tomonidan tadbirkorlarga bojxonaga doir barcha xizmatlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Bojxona posti avtomagistral yo‘l yoqasida joylashganligi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga ham birmuncha qulayliklar yaratadi. 3 gektar maydondagi logistika markazi, umumiy hajmi 5 698 metr kubni tashkil etadigan bojxona omborlarida bir vaqtning o‘zida 2500 tonnaga yaqin tovarlarni saqlash imkoni yaratilgan. Bundan tashqari, ushbu hududda umumiy hajmi 11 100 m3 bo‘lgan, bojxona ombori tashkil qilish rejalashtirilgan yangi bino mavjud. Bojxona omborlarida tovarlarni tartibli saqlanishi uchun maxsus stellajlar hamda xavfsizligi uchun onlayn kameralar o‘rnatilgan.  

Amalga oshirilayotgan ushbu qulayliklarning barchasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlab, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarayotgan korxonalarga alohida e’tibor qaratgan holda mamlakatimizning eksport salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Yana bir ahamiyatli jihati — bu yerda tovarlarning eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda tadbirkorlik sub’ektlariga yanada qulaylik yaratish maqsadida “Yagona darcha” tamoyili asosida faoliyat ko‘rsatishi nazarda tutilib, bank shoxobchasi, sertifikat idoralari va bojxona brokerlari uchun xonalar ajratilgan. Bu esa o‘z navbatida eng avvalo, vaqtni tejaydi, qolaversa, tashqi iqtisodiy savdo ishtirokchilariga qo‘shimcha qulaylik yaratadi.

Ta’kidlash joizki, endilikda bu yerda viloyatning Urganch, Xiva shahri, Bog‘ot, Gurlan, Qo‘shko‘pir, Urganch, Xiva, Shovot, Xonqa, Yangiariq va Yangibozor tumanlaridagi tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining eksport va import tartibidagi tovarlari bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi.  

Umid qilamizki, yangi logistika markazi va bojxona postining faoliyati hududdagi tashqi iqtisodiy faoliyatda ayniqsa, eksportning jadallashuviga xizmat qiladi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri