Urganch davlat universitetida 2022 yil 25-28 iyul kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan zamonaviy matematikaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan birinchi al-Xorazmiy xalqaro konferensiyasi dunyo tan olgan matematik vatandoshimiz akademik Azimboy Sa’dullayev tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlandi.
Unda xorijiy oliy ta’lim muassasalari ilmiy markazlaridan tashrif buyurgan olimlar, respublikamizning taniqli matematik olimlari bevosita ishtirok etmoqda.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, anjuman Xorazm zaminida matematikaning al-Xorazmiy ilmiy markazini tashkil etish va ushbu zaminni ilmiy markazlardan biriga aylantirish, qolaversa, yurtimizda matematikaning kompleks analiz, algebra va geometriya, dinamik sistemalar va potensiallar nazariyasi, tatbiqiy matematika va kompyuter ilmlari sohalarini rivojlantirish maqsadida o‘tkazilmoqda.

Shu bilan birga yoshlarni matematika faniga bo‘lgan qiziqishlarini yanada kuchaytirish, ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar davomiyligini ta’minlash, matematika sohalaridagi so‘nggi yangiliklar bilan tanishish, yosh olim va talabalarni ilmiy-tadqiqot bilan shug‘ullanishlariga motivatsiya beradi.
Anjumanning ochilishida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov onlayn ishtirok etib, Respublikamizdagi matematika institutlari haqida gapirar ekan, mazkur konferensiya aynan Xorazm diyorida o‘tkazilayotganiga to‘xtaldi va buyuk ajdodimiz al-Xorazmiy merosi, faoliyatini davom ettirish lozimligini bildirdi. Urganch davlat universitetining bugungi kundagi faoliyati haqida so‘z yuritib, Xorazmda o‘ziga xos matematika maktabini yarata olgan olim, uzoq yillik mehnatlari mobaynida universitetning rivoji uchun munosib hissa qo‘shgan akademik Azimboy Sa’dullayevning 75 yillik yubileyi bilan muborakbod etdi.

Uch kun davom etadigan konferensiya ishi o‘zining yalpi majlislarini, ilmiy-ommabop ma’ruzalarni 5 ta sho‘bada davom ettiradi. “Funksiyalar nazariyasi va pluripotensial nazariya”, “Algebra va geometriya”, “Dinamik sistemalar”, “Matematik fizika va xususiy differensial tenglamalar”, “Tatbiqiy matematika va kompyuter ilmlari” nomli muhokamalar barcha ishtirokchilar uchun qiziqarli bo‘lishi shubhasiz.
Alohida ta’kidlash joizki, ayni damda anjumanda ishtirok etayotgan Kaliforniya universiteti akademigi, dunyoga mashhur ayol matematik olima Svetlana Jitomirskaya universitetda bir hafta davomida Amerikalik va O‘zbekistonlik doktorantlar va talabalarga ma’ruza o‘qishi rejalashtirilgan.
N.Usmonova, O‘zA