Hozirgi global raqamli taraqqiyot jarayonida sun’iy intellekt texnologiyalari hayotning turli jabhalariga shiddat bilan kirib kelmoqda. Bu esa nafaqat innovatsion imkoniyatlarni, balki axloqiy me’yorlarga amal qilish, inson huquqlarini himoya qilish va xavfsizlikni ta’minlash kabi muhim masalalarni ham kun tartibiga chiqarmoqda.
Shu bois, xalqaro tashkilotlar, jumladan UNYeSCO tomonidan sun’iy intellektni mas’uliyatli va shaffof joriy etish bo‘yicha qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston ham mazkur jarayonda faol ishtirok etmoqda.

Toshkent shahrida UNYeSCO tashabbusi bilan “O‘zbekistonda sun’iy intellektga tayyorlikni baholash metodologiyasi” tadqiqotini ochish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos ishtirok etdi va o‘z nutqida loyihaning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur tadqiqot mamlakatimizda sun’iy intellektni mas’uliyatli va shaffof tarzda joriy etish, axloqiy mezonlarni ta’minlash hamda global me’yoriy qoidalarga moslashishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qayd etilishicha, joriy yil 30 oktyabrdan 13 noyabrgacha Samarqand shahrida UNYeSSOning bosh konferensiyasi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Nigora Rahmonova, O‘zA