BMTning Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) bosh kotibi Zurab Pololikashvili Samarqandning diqqatga sazovor joylari bilan tanishmoqda.
2023 yilda Samarqandda o‘tkaziladigan UNWTO Bosh assambleyasining 25-sessiyasi bo‘lib o‘tadigan ob’ektlar bilan tanishish maqsadida tashrif buyurgan yuksak martabali mehmon Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov hamrohligida Registon maydonining bunyod etilish tarixi, u yerdagi hunarmandlar faoliyati, mahsulotlari bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, Aziz Abduhakimov hamda Zurab Pololikashvili O‘zbekiston turizm va madaniy meros vazirligi ko‘magida mamlakatimiz turizm salohiyatini dunyoga tanitish maqsadida Qatarda o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘l olayotgan futbol ishqibozlari va blogerlardan iborat guruh tomonidan tuzilgan avtokarvonning kuzatish marosimida ishtirok etdi va targ‘ibot guruhiga omad tilashdi.
[gallery-9448]
– O‘zbekistonning turizm salohiyati tobora yuksalib bormoqda,– dedi Zurab Pololikashvili.– Butunjahon turizm tashkilotining navbatdagi sessiyasini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan shaharlar orasidan bejizga Samarqand tanlanmadi. Qadimdan madaniyatlar chorrahasi sifatida shuhrat qozongan bu buyuk shahar bugun ham dunyo hamjamiyati o‘rtasidagi xalqaro aloqalarni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda. Samarqand bilan tanishuvimiz davomida bu boqiy shaharni tanlab adashmaganimizga ishonch hosil qilayapmiz. Keyingi yil Samarqand mezbonlik qiladigan sessiyamiz samarali o‘tishiga ishonaman. Qatar tomon yo‘l olgan targ‘ibot guruhiga omad tilab, jahon chempionati doirasida tashkil etiladigan o‘zbek turizm tashviqotini samarali o‘tkazishlarini tilayman. O‘zbekiston futboli ham rivojlanib, yurtingiz terma jamoasiga keyingi jahon chempionatida ishtirok etish nasib etsin.
Ta’kidlash joizki, targ‘ibot guruhi yo‘l olgan avtokarvon Samarqanddan yo‘lga chiqib, Qozog‘iston – Ozarbayjon – Eron – Birlashgan Arab amirliklari – Saudiya Arabistoni – Qatar yo‘nalishida harakatlanadi. 20 noyabrdan 20 dekabrgacha Qatar yashil maydonlarida o‘tkaziladigan mundial bahslari doirasida targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazib, Toshkentga qaytadi.
Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) bosh kotibi Zurab Pololikashvilining tashrifi davom etmoqda.
G‘.Hasanov,
A.Isroilov (surat), O‘zA