Munosabat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 10 fevraldagi “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori xalqimizga, ayniqsa, adabiyot ahliga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Darhaqiqat, mustabid tuzum davrida siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan otashin shoir o‘zining betakror iste’dodi, yuksak matonati va xalqchil asarlari bilan xalqimiz qalbidan mustahkam o‘rin topgan fidoyilardan edi. Uning Vatanga muhabbat va sadoqat, kelajakka yuksak ishonch tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan asarlari ma’naviyatimizni yuksaltirishga xizmat qilib kelmoqda.
Shoir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash va xotirasini abadiylashtirish yuzasidan qarorda belgilangan vazifalarni qayta-qayta o‘qir ekanman, ko‘z o‘ngimdan tarix sahifalaridan o‘qib bilganim, unutilmas lahzalar o‘tdi:
“Uyida o‘tkazilgan tintuvdan so‘ng, shoirni qo‘llariga kishan solib olib chiqib ketishayotgan paytda onasi Xolambibining zorlanishlariga javoban uning ko‘nglini qoldirish o‘zidan sovutish uchungina aytgan sovuq gaplari, abgoru parishon qarashlari...”
Usmon Nosir kabi “Qatag‘on qurboni”ga aylangan necha-necha ziyolilar, millat yigitlari oqlandi. Ammo, nechun shundoq ulug‘ shoirning 100 yillik yubileyida jimmiz?.. degan savollar qarshisida lol edik.
Xayriyat, davlatimiz rahbarining qarori ko‘ngillar tubidagi o‘ksinishlarni aritdi.
Usmon Nosirning “Nil va Rim” poemasini maktab darsligida o‘qir ekanmiz, o‘quvchi bolalar ham o‘z murg‘ak shuuri bilan milliy erk sog‘inchi, ozodlik orzusi nahotki shu qadar jazoga loyiq bo‘lsa, degan savollar bilan ajablanganini ko‘rib, muallimlarning ham yuraklari ezilganiga guvohman.
Mana menman, u isyonning o‘lmas avlodi.
Mana menman, u qullarning hech so‘nmas yodi.
Mana menman, falaklarga lov-lov o‘t qo‘yib,
Otalarimning boshidan poydevor o‘yib,
Kelajagim obidasin qurgan insonman!
O‘sha jonman, o‘sha qonman va o‘sha shonman!!!
Bu satrlar davr faryodi, millatning qalb fig‘oni emasmidi, axir?!
Xayriyatki, ma’naviyatimiz sarchashmalari yana qaynab-toshib ko‘ngillar mehvariga o‘sish va yuksalishlar bag‘ishlab oqadi.
Endi shoirning otashin satrlari yana baland jaranglaydi. Uning asarlarini allanechuk qimtinishlar bilan emas, chin mehr va toza muhabbat bilan yanada astoydil o‘qib o‘rganishga hujjat bo‘ldi bu qaror.
Ishimni hurmat qilur,
Gullardan haykal qurur.
She’rlarim yangrab qolur,
Ming yillardan keyin ham
Unutmas meni bog‘im…
– deya mag‘rur kuylayotgan shoir tiriklikning mangu mayog‘i yanglig‘ yana “Quyosh bilan suhbat”lar quradi. Dunyo bilan bo‘ylashayotgan ona O‘zbekistonimiz taraqqiyotiga “Safarbar satrlar” bilan hamqadam bo‘ladi.
Namangan shahrida shoir haykali qad rostlaydi. Uning kurashchan hayoti va faoliyatini, xususan, qatag‘on davrida kechgan yillarini o‘rganish, hozirga qadar noma’lum bo‘lib kelayotgan qo‘lyozma asarlarining taqdiri haqida ma’lumotlar to‘plash uchun tashkiliy guruhga Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, shuningdek, Rossiya Federatsiyasidagi tegishli arxiv materiallari bilan tanishish sharoitlari yaratiladi.
Namangan shahridagi Usmon Nosir ko‘chasi Bobur xiyoboniga tutashadi. Umumta’lim muassasalari, ijod maktablari o‘quvchilari “Unutmas meni bog‘im” mavzuida insholar yozadilar.
Usmon Nosir o‘zining o‘lmas asarlari bilan yangi-yangi saylanma jildli kitoblari qatidan shuurimizga nur, tafakkurimizga quvvat bag‘ishlab, Yangi O‘zbekiston bag‘rida o‘chmas chiroq yanglig‘ porlaydi.
Nosirjon DEHQONOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi rahbari.
O‘zA