Buxoro viloyati Jondor tumani hokimligi va Mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi tashabbusi bilan hududda ijtimoiy muhofazaga olingan oilalar farzandlaridan 9 nafar bolajonlarning sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Tadbirda mutasaddilar, jamoatchilik vakillari, nuroniylar, mahalla faollari, to‘ybolalarning yaqinlari qatnashdi.
Tantanada ishtirok etgan viloyat hokimi Botir Zaripov kelajagimiz egalariga e’tibor Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda asosiy o‘rin tutayotganini ta’kidladi. Aholining hayotdan rozi bo‘lib yashashini ta’minlash, jamiyatda o‘zaro hamjihatlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik hamda xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlashga Buxoroda ham katta e’tibor qaratilayotganligini aytib o‘tdi. To‘ylari o‘tkazilayotgan bolajonlar orasidan kelgusida yetuk fidoyi insonlar yetishib chiqishiga ishonch bildirdi.

Shundan so‘ng to‘y bolalarning har biriga davlat idoralari va homiylar tomonidan tayyorlangan bosh-oyoq sarpo, turli o‘yinchoqlar hamda velosipedlar sovg‘a qilindi. Tuman madaniyat bo‘limi ijodkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tadbirga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Shuningdek, yurtimiz istiqlolining qutlug‘ sanasi munosabati bilan baxt ostonasiga qadam qo‘yayotgan yoshlarning nikoh to‘yi ham nishonlandi. Jondor tuman hokimligi tashabbusi bilan “Javohir” tantanalar saroyida o‘tkazilgan ushbu nikoh marosimi ikki yosh qalbining baxtli hayot sari ilk qadami bo‘ldi.

Yosh oilani tuman hokimi Jamshid Xudoyev boshchiligidagi jamoatchilik vakillari qizg‘in tabrikladi. Ularga tashkilotchilar, mehnat faxriylari, ota-onalar va mehmonlar tomonidan ezgu tilaklar bildirilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Aytish joizki, mamlakatimiz mustaqilligi bayrami arafasida tashkil qilinayotgan bunday ezgu tashabbuslar davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan “Inson qadri uchun” tamoyilining amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.