Yurtimiz o‘zining tarixiy obidalari, qadimiy yodgorliklari, boy madaniy merosi bilan dunyo hamjamiyatini doimo qiziqtirib kelgan. O‘zbekiston sayyohlik ko‘lami hamda tarixiy ziyoratgohlari ko‘pligi bo‘yicha yetakchi o‘n mamlakat qatorida turadi. Hozirgi kunda yurtimizda turli davrlar va sivilizatsiyalarga oid 7 mingdan ortiq yodgorlik bor. Ularning har biri o‘ziga xos mahobati hamda ulug‘vorligi bilan ajralib turadi.
Samarqand viloyati, Urgut tumani Pochvon mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “G‘oyib ota” ziyoratgohi ham ana shunday muqaddas dargohlardan biri hisoblanadi. Ushbu tabarruk go‘sha haqida bir nechta rivoyatlar mavjud. Ulardan birida keltirilishicha, bu yodgorlikka qadimda qayerdandir fuqarolarni kasalliklardan forig‘ qiladigan inson kelib shu atrofda yashagan. Juda ko‘plab kasalliklarni davolab, tuzatgan. Oxirida mana shu tepalikka kelib, mo‘ysafid g‘oyib bo‘lgan. Shundan so‘ng ushbu manzilga “G‘oyib ota” nomi berilgan.
Bugungi kunga kelib "G‘oyib ota" yodgorligi ziyoratgohga aylanib ketgan. "G‘oyib ota" ziyoratgohini nafaqat mahalliy, balki qo‘shni respublikalardan ham mehmonlar kelib, ixlos qilib, yaxshi niyatda ziyorat qilishadi.
Ziyoratgohni ko‘zdan kechirar ekanmiz, unda joylashgan bino va masjidning alohida e’tiborga, ta’mirtalab ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Ziyoratgohning asl holati haqida ushbu maskan imomi batafsil ma’lumot berib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mas’ullardan ko‘p narsa so‘ralmagan, bor-yo‘g‘i katta yo‘ldan ziyoratgohgacha bo‘lgan manzilni asfalt qilish so‘ralmoqda xalos...
Ma’lumotlar bilan tanishadigan bo‘lsak, Madaniy meros agentligining hisobotiga ko‘ra, 2022 yil davomida 68 ta ob’ektda pudrat ishlari amalga oshirish uchun 106,7 mlrd so‘mlik shartnomalar rasmiylashtirilgan. Shundan 79,8 mlrd so‘m o‘zlashtirilganligi aniqlangan.
Ajratilgan maqsadli mablag‘lar o‘z manziliga yetib borsagina, biz ana shunday boy tarixga ega ziyoratgohlarimizni asrab qolishimiz mumkin bo‘ladi. Biz tanishgan "G‘oyib ota ziyoratgohi" ham mas’ullar nazaridan chetda qolmaydi deb umid qilamiz.
Bu haqda batafsil O‘zAning “YouTube” kanalida tanishishingiz mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/kjYSShnLk_Q" title="Unutilgan Ziyoratgoh" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>N. Abduvohidov, Yo. Meliboyev (video), O‘zA