English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Unutilgan tibbiy asar qanday qilib qayta “kashf” etilgan?
07:41 / 2025-11-13

Tarixda ba’zan shunday noyob qo‘lyozmalar uchraydiki, ularning taqdiri “sarguzashtlarga” boy bo‘ladi. Ular yaratiladi, shov-shuvga sabab bo‘ladi, so‘ng sirli ravishda unutiladi va oradan asrlar o‘tib, kutilmaganda qayta “kashf” etiladi.

XV asrda Hirotda yaratilgan “Bahr ul-xavoss” (“Xosiyatlar dengizi”) nomli ulkan tibbiy qomusning taqdiri aynan ana shunday kechgan. Bu kitobning tarixi nafaqat o‘z davrining buyuk bir dahosi haqida hikoya qiladi, balki ikki asrdan so‘ng Buxoroda ilm-fan homiyligi qay darajaga ko‘tarilganini ham namoyon etadi.

“Bahr ul-xavoss”ning muallifi – Ne’matulloh ibn Faxriddin Muborakshoh Hakim Kermoniydir. U nafaqat bilimdon tabib, balki faylasuf va “Hakimiy” taxallusi bilan she’rlar yozgan shoir ham bo‘lgan. Zamondoshlari uning bilimi va mahoratiga shu qadar yuqori baho berganlaridan, hatto uni “ikkinchi Ibn Sino” deb atashgan. Hakim Kermoniy bir muddat Hirotda Sulton Husayn Boyqaro xizmatida ham bo‘lgan. U 1463–1464-yillarda o‘zining shoh asari – “Bahr ul-xavoss”ni yozib tugatgan. Bu asar o‘z davri uchun haqiqiy qomusiy asar edi. Muallif unda o‘zidan avval o‘tgan o‘nlab buyuk tabiblar – Jolinus, Suqrot, Arastudan tortib, Roziy, Ibn Sino, Beruniygacha bo‘lgan allomalarning asarlarini solishtirib, tahlil qilib chiqqan. U har bir dorivor o‘simlik yoki modda haqida gapirarkan, avvalgi olimlarning fikrlarini keltirib, so‘ng o‘z tajribasi va yangiliklarini bayon qilgan.

Sharqshunos olim Mahmud Hasaniyning yozishicha, kitobning tuzilishi ham hayratlanarli darajada mukammal edi. Uning muqaddima qismi o‘ziga xos ko‘p tilli lug‘at bo‘lib, unda tibbiyotda qo‘llaniladigan o‘simliklar, qimmatbaho toshlar va hayvonlarning nomlari alifbo tartibida berilib, ularning yunon, arab, fors, hind va turkiy (o‘zbek) tillaridagi nomlari ham ko‘rsatib o‘tilgan. Asosiy qismlar esa sodda va murakkab dorilar, ularni tayyorlash usullari, turli kasalliklarda qo‘llanilishi, parhez taomlar va hatto tibbiy atamalar izohiga bag‘ishlangan.

Ammo shunday bebaho asar taqdiri sirli kechadi. Negadir u keng tarqalmaydi, undan nusxalar ko‘chirilmaydi va asta-sekin deyarli butunlay unutiladi. Hatto XVII asrda yashagan mashhur bibliograf Hoji Xalfa o‘zining 15 mingga yaqin asar nomini o‘z ichiga olgan “Kashf uz-zunun” asarida ham “Bahr ul-xavoss”ni tilga olmagan. Bu hol uning naqadar noyob va topilmas qo‘lyozmaga aylanib qolganini ko‘rsatadi. Asar yozilganidan qariyb ikki asr o‘tib, XVII asr oxirida bu unutilgan durdona Buxoro xoni Subhonqulixonning qo‘liga tushib qoladi. Tabiblikda o‘zi ham katta qiziqish va bilimga ega bo‘lgan, hatto “Ehyo ut-tibbi Subhoniy” (“Subhoniy tibbiyoti bo‘yicha davolash”) nomli tibbiy asar yozgan Subhonqulixon bu qo‘lyozmaning qadrini darhol anglaydi.

Shundan so‘ng tarixda kamdan-kam uchraydigan ish boshlanadi. Subhonqulixon saroydagi eng yetuk tabiblar – Hoja Amin Rais, Oxund Mullo Abdug‘afur Hakim, kitobdor Xoja Yoqub va mirmunshiy Mullo Mirmuhammaddan iborat butun bir ilmiy kengash tuzadi. Ularning oldiga “Bahr ul-xavoss”ni Ibn Sinoning “Qonun”i, “Ixtiyori badiiy”, “Shifo ul-alil” kabi o‘nlab tibbiy kitoblarga solishtirib, tahliliy o‘rganib chiqish vazifasi qo‘yiladi. Bu ilmiy guruh uzoq vaqt mehnat qilib, asardagi nomi aniqlanmagan hakimlarni topadi, muallifning ishora bilan yozib ketgan joylariga sharhlar bitadi va qo‘lyozmani yangi ma’lumotlar bilan boyitadi. Bu ulkan tahririy ish yakunlangach, xonning maxsus kotibi Xoji Abdurahmon Barkiy munshiy uni oqqa ko‘chiradi va shu tariqa buyuk asarning bizgacha yetib kelgan eng mukammal nusxasi yaratiladi.

“Bahr ul-xavoss” tarixi – bu ikki buyuk davr va ikki buyuk homiyning hikoyasidir. Birinchisi, Hirotda “ikkinchi Ibn Sino”ni yetishtirib, unga shunday qomus yaratishga imkon bergan Temuriylar davri bo‘lsa, ikkinchisi – oradan asrlar o‘tib, unutilgan merosni “changdan tozalab”, uni qaytadan hayotga qaytargan va kelajak avlodlar uchun saqlab qolgan Buxoro xoni Subhonqulixon va uning ilmparvarligidir. Bu voqea ajdodlarimizning ilm-fanga bo‘lgan munosabatida vorisiylik va izchillik qanchalik muhim o‘rin tutganini, ular uchun eng katta xazina kitob va bilim bo‘lganini yana bir bor isbotlaydi.

Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA