Joriy yil 23 yanvar kuni Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026 yilga mo‘ljallangan asosiy vazifalar” mavzusidagi videoselektor yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro davlat texnika universitetida ham keng qamrovli amaliy ishlar boshlab yuborildi.
– Prezident topshiriqlari ijrosini ta’minlashda arxitektura bilan bir qatorda suv ta’minoti, energetika, energoaudit, ekologiya, iqtisod, qurilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, meva-sabzavotchilik va uzumchilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash hamda qayta ishlash sohalari bo‘yicha mutaxassislarni ham jalb qildik. Universitetimiz bu yo‘nalishda yetarli ilmiy salohiyat va amaliy imkoniyatlarga ega, – deydi universitet rektori Sadoqat Siddiqova.

So‘nggi yillarda universitet tomonidan Buxoro shahridagi 65 ta, Buxoro tumanidagi 36 ta va Jondor tumanidagi 52 ta mahalla – jami 153 ta mahalla o‘rganib chiqildi. Shuningdek, “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish” markazi tashkil etildi. Unda 211 nafar professor-o‘qituvchi, 80 nafar doktorant hamda 50 nafar magistrlar ishtirok etmoqda.

Buxoro viloyati hududida ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan murakkab hisoblangan 36 ta mahalla mavjud bo‘lib, ularda jami 27 ming 939 ta xonadon joylashgan. Shu mahallalardan 22 tasi tuman hokimliklari va tegishli tashkilotlar mutaxassislari ishtirokida o‘rganilib, tahlil qilindi.

O‘rganish jarayonida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, muhandislik infratuzilmasi, ekologik vaziyat, energiya ta’minoti, yashil texnologiyalar, muqobil energiya manbalari hamda barqaror rivojlanish tamoyillariga oid ma’lumotlar to‘plandi. Bu ishlarga xorijiy mutaxassislar ham jalb etilgan bo‘lib, Italiya, Germaniyaning Potsdam universiteti, Hindistonning Achariya universiteti va Assorestauro tashkiloti vakillari ishtirok etmoqda.

“Og‘ir” mahallalarning bosh rejalarini ishlab chiqishda dron va sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan foydalanilmoqda. Shuningdek, tarixiy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, an’anaviy me’morlik bilan uyg‘unlik, issiq-quruq iqlimga mos energiya va suv tejamkor yechimlar hamda tarixiy va zamonaviy infratuzilmani mutanosib rivojlantirish ustuvor mezon sifatida inobatga olinmoqda.
Shu bilan birga, mahallalarda agroturizmni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Hududlarning etnografik va iqlim xususiyatlarini hisobga olgan holda gilam to‘qish, kulolchilik, ganch o‘ymakorligi kabi hunarmandchilik yo‘nalishlarida ekskursiya va master-klasslar tashkil etish rejalashtirilgan.
Loyihalarda quyosh panellari, yomg‘ir suvini yig‘ish tizimlari, yashil hududlar va ekologik transport kabi barqaror yechimlardan foydalanilmoqda. Bu kabi sa’y-harakatlar aholining ijtimoiy va iqtisodiy farovonligini oshirish, barqaror taraqqiyot va yanada obod hayotni ta’minlashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri