Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Universitetlarni toifalash, moliyalashtirish va rahbarlar tayyorlashning yangi tizimi
16:28 / 2025-09-10

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tadqiqot natijalariga ko‘ra, davlat tomonidan ta’lim tizimi uchun ajratilayotgan mablag‘larning 1 foizga ortishi kambag‘allikni 0,03 foizga qisqartirish imkonini beradi.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ta’lim-tarbiya, ilm-fanga e’tibor mutlaqo o‘zgardi. Xususan, so‘nggi yillarda maktabgacha, umumiy o‘rta va oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalarini rivojlantirish bo‘yicha tizimli, izchil va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu borada qator muhim farmon, qaror va dasturlar qabul qilindi.

Shu bilan birga, tizimda hali ham bir qator yechimini kutgan muammolar mavjud. Universitetlarni baholashda ularning yo‘nalishi va darajasi hisobga olinmasdan, barcha uchun bir xil mezon qo‘llaniladi. Bu holat o‘quv dasturlarini chuqurlashtirish yoki ixtisoslashtirishga to‘sqinlik qiladi.

Moliyalashtirish asosan talabalar soniga bog‘liq bo‘lib, ta’lim sifati, bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligi va xalqaro nufuzi inobatga olinmaydi.

Natijada universitetlar statistik ko‘rsatkichlar ortidan quvishga majbur bo‘lib, bu ta’lim mazmuniga emas, shaklga ko‘proq e’tibor qaratishga olib kelmoqda. 

Ta’limning industriya bilan bog‘lanishi ham yetarli darajada emas. Ayniqsa, texnik yo‘nalishlarda ajratilgan kvotalar katta bo‘lishiga qaramay, yoshlar orasida muhandislikka qiziqish past. Shuningdek, universitetlarni boshqarishda kadrlar salohiyati yetarli emas, rektor va rahbarlar zamonaviy menejment ko‘nikmalarini to‘liq egallamagan. Pedagoglarning malaka oshirish tizimi esa parchalangan holda faoliyat yuritib kelayotgani sababli mablag‘lar samarasiz sarflanmoqda. 

Islohotlarning yangi bosqichida universitetlar faoliyatida profil va yo‘nalish hisobga olingan holda toifalash tizimi joriy etiladi.

Tadqiqot universitetlari, amaliy yo‘nalishdagi o‘quv muassasalari, gumanitar hamda madaniy-san’atshunoslikka ixtisoslashgan OTMlar alohida baholanadi. Bu orqali har bir universitetdan kutilgan natija aniq belgilanib, ularning salohiyatini to‘liq namoyon qilish imkoni yaratiladi.

Moliyalashtirish tizimi ham yangicha asosga o‘tmoqda. Endi universitetlar uchun ajratiladigan mablag‘ning 60–70 foizi bazaviy qo‘llab-quvvatlash sifatida kafolatlansa, qolgan 30–40 foizi milliy reyting natijalariga ko‘ra taqsimlanadi. Milliy reytingda asosiy mezonlar sifatida bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi, sanoat bilan amalga oshirilgan loyihalar, xorijiy talabalarni jalb qilish ko‘rsatkichi, ilmiy maqolalar va xalqaro grantlar hisobga olinadi. 

Universitetlarda rahbarlik salohiyatini oshirish maqsadida “Rektorlar maktabi” loyihasi yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha orqali istiqbolli kadrlar saralab olinib, “Yangi O‘zbekiston” universitetida tayyorgarlik kurslaridan o‘tkaziladi. Eng yaxshi 30 nafar nomzod Garvard va boshqa nufuzli xorijiy markazlarda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu orqali rektor va prorektorlar uchun zamonaviy menejerlar zaxirasi yaratiladi.

Shu bilan birga, pedagog kadrlarning malaka oshirish tizimi ham tubdan yangilanadi. Hozircha alohida beshta tuzilma orqali amalga oshirilayotgan jarayon yagona markazlashgan tizimga birlashtiriladi. Bu orqali takrorlanishlar bartaraf etilib, yiliga taxminan 420 milliard so‘m tejaladi. Mazkur mablag‘lar zamonaviy metodikalar ishlab chiqish, ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish va pedagoglarning malakasini oshirishga yo‘naltiriladi.

Umuman olganda, mamlakatimiz ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish, uni xalqaro standartlarga integratsiyalash, mehnat bozori talabiga mos yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Taraqqiyotga intilayotgan davlatlar birinchi navbatda inson kapitaliga sarmoya yunaltiradi. Zero aynan inson kapitalining rivojlangani har qanday mamlakatning istiqboli poydevoridir. 

Shu ma’noda, O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Aynan bilimli yoshlar O‘zbekistonni iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotini va rivojlanishini sifat jixatidan yangi bosqichga olib chikishlari mumkin.

Dildora DO‘SMATOVA

O‘zA