Navoiy davlat universiteti va Koreya Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – Salvin universiteti o‘rtasida muhim hujjat imzolandi.
Navoiy davlat universiteti rektori Muhiddin Kalonov va Salvin universiteti rektori Xvang Kun Yung, Xalqaro ta’lim instituti direktori You In Cheon hamda Global markaz direktori Jo Byung Reol o‘rtasida to‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida ikki universitet o‘rtasida ta’lim, fan va innovatsiya sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Samarali muzokaralar yakunida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi va Hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Imzolangan kelishuvlarga muvofiq, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini tashkil etish, xalqaro konferensiya va seminarlar o‘tkazish, o‘quv-uslubiy hamda ilmiy materiallar almashinuvini kengaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilgan.

Uchrashuv davomida 2026 yilda Navoiy davlat universiteti negizida Sejong institutini tashkil etish bo‘yicha erishilgan kelishuv alohida ahamiyatga ega. Ushbu institut koreys tili va madaniyatini o‘qitish, Koreya Respublikasining ta’lim muassasalari bilan aloqalarni mustahkamlash hamda talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yangi xalqaro ta’lim imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi.

Mazkur tashrif va imzolangan hujjatlar Navoiy davlat universitetining xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytirish, ta’lim va ilmiy faoliyat sifatini yangi bosqichga olib chiqish hamda universitetning xalqaro nufuzini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri