Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Universitetimizda ta’lim sifati oshmoqda
09:06 / 2024-03-30

Aks-sado

Davlatimiz rahbarining shu yil 25-26-mart kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida dalillar asosida qator sohalar tahlil qilindi va nihoyatda dolzarb vazifalar belgilab berildi.  
Shu bilan birga, Namanganda mavjud salohiyat to‘liq ishga solinmayotgani uchun mas’ul komplekslar va viloyatdagi rahbarlar tanqid qilindi.

Jumladan, Prezidentimiz tomonidan mas’ullar har bir korxona, tadbirkor va xonadon bilan yaqindan ishlashi zarurligi ta’kidlandi. Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumani misolida Uychi tumanidagi 56 ta mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish, tomorqadan 60-70 million so‘m daromad olish bo‘yicha namuna yaratish topshirildi. Bu – juda katta e’tibor va imkoniyat.  

Ba’zi xonadonlar, mahallalar har qarich yerdan unumli foydalanayotganiga, mavsumda yerdan bir necha marotaba hosil olishga erishayotganiga guvohmiz. Aksar mahallalar dehqonchilikni o‘z drayveriga aylantirishga ham ulgurgan. Lekin bu yetarli emas.

Davlatimiz rahbarining 35 ming xonadonga gulchilik, issiqxona, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik, uzumchilik, qulupnay, kartoshka yetishtirishga ko‘maklashish maqsadida yetarli miqdorda kreditlar ajratilishi haqidagi ko‘rsatmasi minglab oilalar farovonligini oshirishga xizmat qilishi, shubhasiz.  
Vazifalardan kelib chiqib, Namangan davlat universitetida ham muayyan chora-tadbirlarni belgilab olmoqdamiz. Texnologiya, biotexnologiya, tuproqshunoslik, suv resurslari, turizm kabi qator yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash borasida mas’uliyatni kuchaytirmog‘imiz kerak. Qolaversa, tashrif jarayonida viloyatdagi 16 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazi tarqoq holda 6 ta tuman va shaharda joylashgani, oqibatda bemorlar bir shifoxonadan ikkinchisiga sarson bo‘lib, ortiqcha puli va vaqtini sarflayotgani, shu bois bu 16 ta markaz negizida 3,5 ming o‘ringa ega 2 ta – birinchi va ikkinchi Namangan tibbiyot markazlari tashkil etilishi ta’kidlandi.  

Bunda shoshilinch va boshqa tibbiy xizmatlar, diagnostik tekshiruvlar hamda tor soha mutaxassislarini bir joyga jamlash, aholiga doimiy xizmat ko‘rsatish imkoni yaratiladi. Avstriya bilan hamkorlikda Namangan shahrida zamonaviy gemodializ markazini ishga tushirish rejalashtirildi.

Shuningdek, mamlakatimizda infarkt va insult asorati oqibatida faol hayoti cheklangan aholini tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya bilan to‘liq qamrab olish muhimligi qayd etildi. Bu boradagi ishlarni yaxlit tizim asosida tashkil qilishga ko‘rsatma berildi.  

Shu munosabat bilan mutasaddilarga insult va jarrohlik amaliyotidan so‘ng reabilitatsiya qilish bo‘yicha yagona milliy tizim yaratish, televideniye, radioda sog‘lom turmush, to‘g‘ri ovqatlanish targ‘ibotini kuchaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Ma’lumki, bu vazifalar ham bizning faoliyatimizga daxldor. Universitetda hozir bir necha yo‘nalishda tibbiyot xodimlari tayyorlanmoqdaki, yuqoridagi vazifalarning ijrosi tibbiyot sohasida yetuk kadrlar tayyorlashni taqozo etadi. 

Prezidentimiz tomonidan aytib o‘tilgan fikrlar, takliflar, topshiriqlar aslida Namangan viloyatining buguni, ertasi va kelajagi uchun qo‘yilgan mustahkam poydevordir. Agar har birimiz o‘z vazifamizga vijdonan yondashib, shijoat bilan mehnat qilsak, ko‘zlagan maqsadlarimiz va muvaffaqiyatlarga erishamiz.  

Narimon Dehqonov,  
Namangan davlat universiteti birinchi prorektori, siyosiy fanlar doktori.  

O‘zA