Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Universitetda yangi o‘quv yili boshlandi
17:52 / 2024-09-09

Buxoro davlat universitetida 2024-2025 o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda universitet professor-o‘qituvchilari, ishchi xodimlar, talabalikka tavsiya etilgan yoshlar qatnashdi.

Tadbirda universitet rektori Obidjon Hamidov so‘zga chiqib yangi o‘quv yilining barcha talaba va o‘qituvchilar uchun muvaffaqiyatli bo‘lishiga tilakdosh ekanini bildirdi. Universitetning  yutuqlari va kelgusidagi rejalariga to‘xtalib, ilmiy salohiyatni yanada oshirish hamda talabalarga zamonaviy ta’lim berishda islohotlarning muhimligini ta’kidladi.

Buxoro davlat universiteti 2024-2025 o‘quv yilida 66 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda 33 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul amalga oshirildi.  

[gallery-19173]

Buxoro davlat universiteti 2024-2025 o‘quv yilida test natijalari bo‘yicha jami 3983 nafar abituriyent talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi. Jumladan, 890 nafar abituriyent davlat granti asosida, 3093 nafar abituriyent to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilindi.  

– Quvonarlisi 3983 nafar abituriyentlarning Buxoro davlat universitetida o‘qish istagini bildirganidir, – deydi universitet rektori Obidjon Hamidov. – Eng ko‘p tanlov amalga oshirilgan ta’lim yo‘nalishlari sifatida Yurisprudensiya 254, Iqtisodiyot 212,  Filologiya tillarni o‘qitish: ingliz tili 172 nafar abituriyent o‘qish istagini bildirgan.

– Men Buxoro davlat universitetining Yurisprudensiya yo‘nalishiga birinchi o‘rin bilan talabalikka tavsiya etildim, – deydi Farangiz Kattayeva. – Avvalo, ota-onamga, ustozlarimga va davlatimizga biz yoshlarga qaratilayotgan e’tibor uchun tashakkur bildiraman. Kelgusida barcha sohalarda faol bo‘lishga harakat qilaman. Yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan yetuk kadr bo‘lib yetishishga va’da beraman.

– Joriy yilgi oliy ta’lim muassasalarga kirish imtihonlarida men maksimal 189 ballni olib Buxoro davlat universiteti Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili yo‘nalishiga grant asosida talabalikka tavsiya etildim, – deydi Ruxsora Ismoilova. – Kelajakda ingliz tili fanidan maktabimizda o‘quvchilarga ta’lim bermoqchiman.  

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zosi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Buxoro viloyati mintaqaviy vakili Abira Xuseynova ham qatnashdi.  

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.