Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Universitetda yangi o‘quv yili boshlandi
15:56 / 2021-09-06

Bugun mamlakatimizdagi barcha ta’lim muassasalarida yangi 2021-2022 o‘quv yiliga start berildi.

Samarqand davlat universitetida ham yangi o‘quv yili Mustaqillik darslari bilan boshlandi. O‘quv yili ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda universitet o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Ahmadjon Soliyev so‘zga chiqib, joriy yilda talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan yoshlarni tabrikladi va ularga ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.  

Tadbirda so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida qabul kvotalari oshirilgani, alohida imtiyozlar joriy etilgani, buning samarasida ta’lim sifati o‘zgarayotganini alohida ta’kidladi.  

– Samarqand davlat universiteti tarix fakultetiga davlat granti asosida o‘qishga kirdim, – deydi Marjona Narzullayeva. – Talabalik baxtiga muyassar bo‘lganimdan juda xursandman. Men kelajakda Samarqand davlat universitetida yetuk tarixchi mutaxassis bo‘lib chiqishni niyat qildim.  

– Ushbu universitetga xotin-qizlarga ajratilgan kvota asosida davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim, – deydi 1-bosqich talabasi Umida Hasanova.  – Prezidentimiz tashabbusi bilan ajratilgan kvota men kabi talaba bo‘lish orzusidagilar uchun katta imkoniyatdir. Yoshlarga shunday imkoniyatlar yaratib berilayotgan ekan, biz katta shijoat va tashabbuslar bilan oldinga harakat qilmog‘imiz, yaxshi o‘qishimiz zarur.

Shu kuni Samarqand davlat universiteti O‘zbekiston – Finlyandiya pedagogika institutining ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirni institut direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Akram Begmatov ochdi.

– Bugun yangi institutimizda birinchi o‘qish kuni. Barchamizda hayajondamiz, – deydi SamDUning O‘zbekiston – Finlyandiya pedagogika instituti 1-bosqich magistranti Ozoda Jumanova. – Jahon standartlariga mos ta’lim beriladigan ushbu institut ilk bor oliy pedagogik ta’limda Finlyandiya tajribasini qo‘llanadigan ta’lim maskani hisoblanadi.

 

Otabek Sa’dullayev,  

Samarqand davlat universiteti  

Axborot xizmati xodimi