Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Universitetda xorijlik talabalar ta’lim olmoqda
09:36 / 2025-10-16

Ayni paytda Navoiy davlat universitetining tibbiyot yo‘nalishida 500 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. E’tiborlisi, ularning 100 nafarga yaqinini xorijliklar tashkil etadi.

Xalqaro hamkorlik borasida olib borilayotgan amaliy ishlar natijasida joriy o‘quv yilida Misr, Saudiya Arabistoni, Hindiston va Nepal davlatlaridan universitetning tibbiyot yo‘nalishiga 100 ga yaqin xorijiy talabalar qabul qilindi. Shuningdek, o‘nga yaqin chet ellik professor-o‘qituvchilar universitetda o‘z faoliyatlarini olib bormoqda. 

Universitet rektori Muhiddin Kalonov xorijlik talaba va professor-o‘qituvchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv chog‘ida ta’lim sifatini yanada oshirish va samaradorligini takomillashtirish, ilmiy faoliyatni rivojlantirish, talabalarning kasbiy malaka va ko‘nikmalarini zamonaviy bilimlar bilan muntazam boyitib borish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Talabalar shaxsiy tashabbuskorlikka chorlanib, zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish va chuqur o‘zlashtirish bugungi kun talabi ekanligi ta’kidlandi.

– Sir emas, mamlakatimiz tibbiyotida hali ochilmagan qirralar juda ko‘p, – dedi uchrashuvda M.Kalonov. – Ibn Sinoni tibbiyot otasi, vatandoshimiz deymiz. Lekin rivojlangan davlatlar bobokalonlarimiz meroslarini bizdan avval o‘zlashtirib oldi. Hozirgi kunda xorijdan ko‘p narsalarni o‘rganishimizga to‘g‘ri kelyapti. Ammo bugungi raqamli transformatsiyalar davrida ilm olish uchun chegara va cheklov yo‘q. Biz sizlar uchun qulay sharoit va zarur muhitni yaratishga tayyormiz. 

Ochiq va samimiy muloqotlar davomida xorijlik talabalar ta’limni aynan Navoiy davlat universitetida davom ettirayotganligidan mamnunliklarini, eng muhimi, tinch va osoyishta zaminda xotirjam ilm olayotganliklarini, qolaversa, o‘quv jarayonlaridan qoniqish hosil qilayotganliklarini bildirishdi.

Ayni paytda universitetda xorijlik talabalar uchun o‘quv-amaliy jarayonlar, turar joy, oshxona, tibbiy xizmat va boshqa zarur shart-sharoitlar yaratilgan. 

A.Bo‘riyev, O‘zA